8-martga nimalar sovg‘a qilish mumkin?
8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga sanoqli kunlar qoldi. Bu kunda erkaklar o‘z yaqinlari, do‘stlari, sevgan insoni, hamkasblariga sovg‘a ulashish urfga aylangan. Sovg‘a tanlash doimgidek muammo. Afisha.uz ushbu vaziyatni yengillashtirish maqsadida ba’zi qizlarning fikrini o‘rganib, 8-mart uchun sovg‘alar ro‘yxatini tuzib chiqdi.
Muharririmiz o‘z do‘stlari va tanishlaridan (25 yoshgacha bo‘lgan qizlar) bayramga nima sovg‘a kutayotganini so‘radi. Quyidagi ro‘yxat ularning istaklari asosida shakllantirilgan va byudjeti 500 ming so‘m etib belgilangan.
Gul
Gul — alohida sovg‘a emas. Bayram kunlari hech qachon gulni o‘zini sovg‘a qilmang (oddiy kunlarda kayfiyat ulashish uchun berish mumkin, albatta). Bayramlarda gul “must have” qo‘shimchaga aylanadi. Unda gul nega ro‘yxatda birinchida turibdi? Yuqoridagi gaplarni aytish uchun. Bu maqolani asosan erkaklar o‘qishini hisobga olib, har bir sovg‘a variantini ostida gulni yana bir bor eslatamiz — bu ayollar uchun ham layfxak bo‘lishi mumkin (chunki bizda xotira pastroq).
Vaucher
Agar sovg‘a uchun nima tanlashni bilmayotgan bo‘lsangiz, eng yaxshi variant — biror do‘kondan vaucher. Agar kiyimlarni misol tariqasida olsak, ularni hamma o‘z didi va o‘lchamiga qarab tanlashini hisobga olsak, biror kiyim do‘kondan o‘z byudjetingizga mos vaucher olishingiz mumkin. Masalan, bunday sovg‘alarni “Chiroyli”, “Selfie”, “Pink Island”, “Just Ladies”, “Kanishka” va “Red Tag” do‘konlaridan topishingiz mumkin.
Vaucher yoki sertifikatlar uchun yana ba’zi tavsiyalar: art-studiyalardagi mahorat darslari (bu yerga birga borgan afzal), fotosessiya, SPA salonlar va fitness klublar (masalan, 1Fit) uchun vaucher yoki sertifikat sovg‘a qilishingiz mumkin. Aytgancha, bularning yoniga albatta gul qo‘shish esdan chiqmasin.
Kosmetika
Istalgan yoshdagi ayol-qizlarga yoqadigan sovg‘a — bu kosmetika. Erkaklar bu mavzu bilan yaxshi kelishmasligi aniq, lekin bu sovg‘a uchun ajoyib variant. Shunday ekan, yaqin kunlarda kosmetika do‘konlariga borib, sotuvchilardan maslahat olishingiz mumkin. Yoki yana ham osoni, kosmetika do‘koniga borib, budjetingizga mos vaucher sotib oling.
Ba’zi kosmetika do‘konlari: “BellStore”, “MCosmetics”, “Bloom Beauty Shop” va “Kiko Milano”. Shuningdek, “Parfum Gallery” do‘konida bir qancha mahsulotlarga 20% dan 70% gacha chegirmalarni e’lon qilingan.
Idishlar
Sovg‘a individual bo‘lgani yaxshi, ammo qizlar orasida so‘rovnoma o‘tkazganimizda ularning deyarli barchasi idish variantini ham qo‘shishdi, shu sababli ro‘yxatga qo‘shishga qaror qildik. Idish-tovoq sotadigan do‘konlar juda ko‘p, ularni hatto onlayn topishingiz ham mumkin.
So‘rovnomada qantashgan qizlardan biri yuqoridagi idishlarni tavsiya qildi. Ushbu to‘plamni 560 ming so‘m evaziga bu yerdan topishingiz mumkin, agar byudjetingiz kattaroq bo‘lsa, xuddi shu to‘plamning kattaroq varianti ham bor.
Unutmang, idish sovg‘a qilsangiz, u iloji boricha noodatiy va nafis bo‘lsin, kundalik ishlatiladigan emas. Sovg‘ani olib qaytishda gul do‘konga kirish esdan chiqmasin.
Konsertga chipta
Yaqinlaringiz madaniy hordiq chiqarishini istasangiz, ularga biror konsert uchun chipta sovg‘a qiling. Afsuski, ko‘pchilik qizlar sevib tinglaydigan Jony’ning Toshkentdagi konserti bayramgacha o‘tib ketadi, lekin sizda boshqa variantlar bor: “Turkiston” kamer orketstri konserti, Tynda.Music'dan Lyudoviko Einaudi musiqasi konserti, Daler Nazarov konserti, Macan konserti, Benom konserti, Anna Asti konserti — bular yaqin orada bo‘lib o‘tadigan tadbirlar. Agar siz sovg‘a beruvchi odamga bu variantlar to‘g‘ri kelmasa, Afisha.uz'ning Konsertlar bo‘limidan yoki Iticket.uz saytidan boshqa konsertlarni topishingiz mumkin.
Aytgancha, konsertga bir dona chipta sovg‘a qilish yaxshi g‘oya emas. Eslatma: gul!
Anatomik yostiq
Uyqu — kun davomidagi kayfiyatni belgilab beruvchi omillardan biri. Bunda yostiqning ahamiyati katta — u qanchalik qulay bo‘lsa, uyqu ham shuncha yaxshi bo‘ladi. Agar yaqinlaringizning kayfiyati haqida qayg‘ursangiz, anatomik yostiq juda ajoyib sovg‘a. Unchalik qattiq bo‘lmagan va moslashuvchan yostiqlarni bu yerdan aksiyada 199 000 so‘m evaziga xarid qilishingiz mumkin.
Organayzer
Istalgan ayolda kosmetika bo‘lishi va ularni bir joyga to‘plash yoki olib yurishga ehtiyoj bo‘lishi tabiiy. Shu sababli yaqinlaringizga kosmetika organayzeri yoki sumkasini sovg‘a qilishingiz ham mumkin. Kosmetikadan tashqari taqinchoqlar uchun ham alohida idish olgan yaxshi.
Masalan, yuqoridagi suratdagidek to‘plamni 300 000 ming so‘m evaziga bu yerdan xarid qilishingiz mumkin. Kosmetika uchun sumkalar esa yanada arzon — masalan, bu yerda aksiya doirasida 69 ming so‘mdan sotuvda bor.
Bitta yuqoridagi tavsiyada gulni eslatishni unutibmiz, umid qilamizki, sizning yodingizga turibdi.
Sayohat yostig‘i
Agar siz sovg‘a bermoqchi bo‘lgan inson ko‘p sayohatga yoki yo‘lovchi sifatida mashinada yuradigan bo‘lsa, sayohat yostig‘i u uchun juda kerakli buyum.
Yostiqchalarni turli xili bor. Masalan, suratdagisi bu yerda 100 ming so‘mdan sotilmoqda. Gul esdan chiqmasin-a?!
Tungi dekorativ lampalar
Agar dekorativ lampa olishga qaror qilsangiz, u nafis bo‘lishi zarur. Masalan, yuqoridagidek. Yoki boshqa variantlar ham bor. Uni bu yerdan 150 ming so‘m atrofidagi narx evaziga topishingiz mumkin. Gullarni esa istalgan gul do‘kondan.
Taqinchoqlar
Taqinchoq haqida ko‘p gapirib o‘tirish shart emas. Ularni yaxshi ko‘rmaydigan ayolni o‘zi bo‘lmasa kerak. Did masalasi individual bo‘lgani sababli biz sizga quyidagini tavsiya qila olamiz: 8-mart kuni sovg‘a olib bermoqchi bo‘lgan odamni birga olingda, biror taqinchoq do‘koniga boring. Lekin yodda tuting, bu hamyon uchun biroz xavfli bo‘lishi mumkin. Yuqoridagi suratda esa do‘konlar bo‘yicha kichik spoyler bor.
Gulni esa yo‘ldan olib berarsiz-a? Yoki oldindan mashinaga solib qo‘yish ham yaxshi variant.
Kitoblar
Kitob — o‘zgarmas va eng foydali sovg‘alardan biri. Siz sovg‘a qilmoqchi bo‘lgan insonni qiziqishlarini va oxirgi o‘qiyotgan kitobini bilsangiz, uni ham hisobga olib yangi kitob (lar) tanlashingiz mumkin. Agar birdaniga ko‘proq kitob berishni istasangiz, “Asaxiy” 20 ta kitobdan iborat “2023-yil bestsellarlari"ni chegirma bilan 799 ming so‘mga taklif qilmoqda.