Chet elliklar uchun Xorazmga viza tizimi joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-mart kuni Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda sayyohlarga bir yil davomida cheklovsiz Xorazmga kirish uchun “O‘zbekiston — mening ikkinchi uyim” viza tizimi joriy qilinishini ma’lum qildi.
Shuningdek, viloyatda turizmni rivojlantirish bo‘yicha 3 yillik dastur qabul qilinadi. Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tushumi 3 yil davomida Xorazmni o‘zida qoldiriladi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Urganch shahrida “Lazgi” va “Avesto” muzeylarini tashkil qilishni taklif qildi.
Xorazmda turizmni rivojlantirish uchun yana bir imkoniyat xorijiy sayyohlar Xorazm taomlarini sevib iste’mol qilishi ekani aytildi.
“Lekin bu taomlarni na mamlakat ichida, na chetda ko‘rsatish uchun harakat, targ‘ibot qilinyapti. Shu munosabat bilan Xiva shahrida 24 soat ishlaydigan restoran, kafe va ovqat rastalarini ishga tushirish muhim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.