Hafta davomida sovuq ob-havo saqlanib turadi
O‘tgan hafta oxirida O‘zbekiston hududiga kirib kelgan sovuq havo massasi o‘z ta’sirini saqlab turadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.
Ta’kidlanishicha, Toshkentda 19-fevral kuni kunduzi, shuningdek 20-fevralda kechasi va ertalab vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi. 21−23-fevralda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol shimoli-sharqdan 5−10 m/s tezlikda esadi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Harorat kechasi 3−8 gradus sovuq, kunduzi 19−20-fevralda -2.+3 daraja iliq, 21−23-fevralda 0−5 gradus iliq bo‘ladi.
Ushbu hafta davomida havo harorati asosan kechalari 3−8 gradus sovuq, shimolda 7−12 daraja sovuq, ba’zi joylarda 16 gradus sovuqqacha, kunduz kunlari 19−20-fevralda -3.+2 daraja iliq, 21−23-fevralda 0−5 gradus iliq atrofida bo‘ladi.
19-fevral kunduzi qator viloyatlarda ba’zi joylarda asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi. 20-fevral kuni Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek kechasi va ertalab Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida biroz qor yog‘ishi mumkin.
21−23-fevral kunlari asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushadi. Shamol shimoli-sharqdan 7−12 m/s tezlikda esadi. Yo‘llarda yaxmalak kuzatiladi.
Tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi. Qor ko‘chishi xavfi bor.