Toshkentda qayerlarda yolg‘iz sayr qilish mumkin?
Bugun — 14-fevral — O‘zbekistonda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun, shuningdek, ko‘plab mamlakatlarda Sevishganlar kuni (Avliyo Valentin bayrami) ham nishonlanadi. Bundan tashqari, bugun butun dunyo bo‘ylab “Kitob sovg‘a qilish kuni” ham nishonlanadi.
Ammo hech kimga sir emaski, bizda ham ko‘pchilik “Sevishganlar kuni"ni nishonlaydi (o‘z xohishi bilan-da, birinchi bayramga esa majburan yoki xohlamaydigan boradi aksariyat kishilar, asosan o‘quvchi va talabalar). Bir-biriga sovg‘a ulashadi, ko‘chalarni sayr qiladi — qayerga qaramang — juftliklar. Restoranlar, ko‘ngilochar maskanlar ham ular uchun alohida taklif tayyorlaydi. Lekin hali hamma ham o‘z juftini topib ulgurmagan, yolg‘izlar bu kunda nima qilishi mumkin? Albatta, bahor havosi kuzatilayotgani yolg‘iz sayr qilish uchun ayni muddao. Afisha.uz Toshkentda yolg‘iz sayr qilish mumkin bo‘lgan manzillarni bir joyga to‘pladi.
Aytgancha, quyidagi manzillarni sevishganlar ham bilishi mumkin. Aytdik-qo‘ydik-da!
Central Park
Sobiq Mirzo Ulugʻbek nomidagi bu istirohat bogʻi Toshkentdagi eng ko‘p daraxtli nuqtalardan biri. Bahor ob-havosini taqdim etishda davom etayotgan fevralning navbatdagi kunida bu bog‘da yolg‘iz sayr qilish kayfiyatni ko‘tarishi turgan gap.
Manzil: Google Maps | Yandex Xarita (eng yaqin metro bekati: Hamid Olimjon).
Eco Park
Yuqoridagi bog‘dan unchalik uzoq bo‘lmagan Eco Park’da ham yashillik ko‘p. Agar biroz salqinlik qilmasa, kunning eng issiq paytlarida piknik hududida ham yolg‘iz o‘tirish mumkin. Faqat yerga to‘shash uchun biror narsa olish kerak bo‘ladi. Agar siz bu bog‘ga Hamid Olimjon metrosi tarafdan kelsangiz, yo‘lda Costa Coffee’dan o‘zingiz bilan kofe olishingiz ham mumkin.
Manzil: Google Maps | Yandex Xarita (eng yaqin metro bekati: Hamid Olimjon).
Yapon bog‘i
Bu bog‘ning o‘ziga xos atmosferasi bor. Ammo kirish pulli. U yerda siz suv bo‘yida Toshkent teleminorasi tomon qarab o‘tirishingiz mumkin. Sherigingiz bo‘lmaganiga yarasha quloqchinlarni birga olib borishni tavsiya qilamiz.
Manzil: Google Maps | Yandex Xarita (eng yaqin metro bekati: Bodomzor).
Moviy gumbazlar xiyoboni
Tozalik. Sokinlik. O‘rindiqlar. Va qish bo‘lgani sababli biroz yashillik, boshqa fasllarda esa yam-yashil. Skeyt uchun alohida hudud. Yonida esa o‘sha mashhur kitob rastalari va “gummaxona”. Borish qat’iy tavsiya etiladi.
Aytgancha, hudud atrofida samokat ijarasi ham bor, ammo xiyobon ichida samokat uchib bo‘lmaydi.
Manzil: Google Maps | Yandex Xarita (eng yaqin metro bekati: Kosmonavtlar).
Respublika bolalar kutubxonasi
Maqola boshida aytgandik: bugun butun dunyoda kitob sovg‘a qilish kuni ham nishonlanmoqda. Shu sababli bu manzilni ham qo‘shishni joiz topdik. Nomiga e’tibor bermang, u yerdan ko‘p kitoblarni topishingiz mumkin. Atmosfera ham ajoyib darajada. O‘tirib o‘qish va dars qilish uchun qulay joylar ham topiladi. Yaqin atrofida tez ovqatlanish shoxobchalari ham talaygina. Aytgancha, kitob ulashish esdan chiqmasin.
Manzil: Google Maps | Yandex Xarita (eng yaqin metro bekati: Amir Temur Xiyoboni).
Do‘stlik bog‘i
Yolg‘iz sayr qilish bo‘yicha to‘plam ro‘yxatini “Do‘stlik” bilan tugatish mantiqli yakun bo‘lsa kerak (salom, “frendzona”). Bu yer avvalgi nomi (Bobur bogʻi) boʻlgan paytdagidek hozirda odamlar bilan gavjum emas, shuning uchun yolg‘iz qolishga ideal joy. Daraxtlar va o‘rindiqlar yetarlicha, ko‘l ham bor. “Do‘stlik” Seul bog‘i bilan yonma-yon joylashgan. Bir borishda ikkalasini ham aylansangiz bo‘ladi.
Manzil: Google Maps | Yandex Xarita (eng yaqin metro bekati: Ming O‘rik).
Bu maqolani esa Zahiriddin Muhammad Boburning misralari bilan yakunlamoqchimiz:
Har kimki, vafo qilsa, vafo topqusidir,
Har kimki, jafo qilsa, jafo topqusidir,
Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonliq hargiz,
Har kimki, yomon bo‘lsa, jazo topqusidir.
Muallifning tilagi shu: keyingi yil bu maqolani sizga yuborishmasin, o‘qishga majbur bo‘lmang. Bayramlar muborak!