Hafta davomida iliq va quruq ob-havo kuzatiladi
O‘zgidromet agentligi hafta davomida kuzatiladigan ob-havo ma’lumotini e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkentda 12−16-fevral kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi. Harorat 12−13 fevral kunlari kechalari 3−8 daraja iliq, kunduz kunlari 12−17 daraja iliq, 14−15 fevralda kechalari 5−10 gradus iliq, kunduz kunlari 19−22 daraja iliq bo‘ladi.
Prognozlarga ko‘ra, 12−15-fevral kunlari O‘zbekistonning barcha hududlarida fevral oyi o‘rtasi uchun quruq va juda iliq bo‘lgan ob-havo saqlanib turadi.
Harorat 12−13-fevral kunlari kechalari 3−8 daraja iliq, kunduz kunlari 12−17 daraja iliq bo‘ladi. 14−15 fevralda bundan ham iliq — kechalari 5−10 gradus iliq, kunduz kunlari 19−24 daraja iliq bo‘ladi. Bunday harorat foni fevral oyi o‘rtasi uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlardan 10−12 gradusga yuqori hisoblanadi.
Bunday quruq ob-havo O‘zbekiston hududining katta qismida 16-fevral kuni ham saqlanib turadi. Havo harorati kunduzi 15−20 darajagacha biroz pasayadi.
Faqat O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga 16-fevralda kelib chiqishi arktik bo‘lgan sovuq va nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Harorat kechasi 0−5 daraja sovuq, kunduzi 3 daraja sovuq, 2 daraja iliq bo‘ladi.
Shamol sharqdan 7−12 m/s tezlikda esadi, 15−16 fevralda ba’zi joylarda 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda ba’zida 23−28 m/s gacha kuchayishi mumkin. Respublikaning tog‘li hududlarida 12 fevral kuni qor ko‘chishi xavfi bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 17−19 fevral kunlari respublikaning barcha hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi haqida xabar berilgandi.