Toshkentda “Qishda qushlarga koʻmak” aksiyasi o‘tkazildi

E’lon qilingan sana· 71
Toshkentda “Qishda qushlarga koʻmak” aksiyasi o‘tkazildi

3-fevral — Xalqaro qushlarni oziqlantirish kuniga bagʻishlab “Qishda qushlarga koʻmak” aksiyasi oʻtkazildi. Toshkent Botanika bogʻidagi tadbirda 200 ga yaqin yosh ekofaollar, volontyorlar qatnashdi, deya xabar bermoqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Aksiya davomida ishtirokchilar bogʻdagi daraxtlarga qush inlarini oʻrnatib, unga ozuqalarni qoʻyib chiqishdi. Shuningdek, bogʻning turli hududlariga ham ozuqalar tarqatildi.

“Bu aksiya nafaqat Toshkent, balki, respublikamizning boshqa hududlarida oʻtkazildi. Nafaqat qushlar, balki, barcha tirik jonzotlarni asrab qolishga qaratilgan tadbirlarimiz keyingi yillarda ham davom ettiramiz”, — deydi Ekologiya vazirligi Volontyorlar va ekofaollar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Zarina Abdullayeva.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda respublikada jami 487 turdagi qushlar mavjud. Bulardan 52 turdagi qushlar Qizil kitobga kiritilgan, yaʼni noyob qushlar hisoblanadi. Uchrash xususiyatiga koʻra, qushlarning 86 turi oʻtroq, 122 turi uyalovchi, uchib oʻtuvchi, 63 turi faqat uchib oʻtuvchi, 80 turi uchib oʻtuvchi, qishlovchi, 16 turi qishlovchi, 54 turi uyalovchi, uchib oʻtuvchi va qishlovchi, 55 turi tasodifan uchib keluvchi (kamdan-kam holda uchrovchi) qushlar hisoblanadi. Qushlarning 320 turi migratsiyada ishtirok etadi.