Toshkent chetidan metro bekatlarigacha ekspress avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

E’lon qilingan sana· 151
Toshkent chetidan metro bekatlarigacha ekspress avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonning 2024-yilgi Davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasida Toshkentning chekka hududlarini metro bekatlari bilan bog‘lash uchun to‘rtta ekspress avtobus yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish taklif qilinmoqda.

Yo‘nalishlar Nazarbek hududidan “Chorsu” va “Paxtakor” metro bekatigacha, “Uch Qahramon” hududidan Yunusobod dehqon bozori va “Shahriston” metro bekatigacha tashkil qilinishi mumkin.

Davlat dasturi loyihasida, shuningdek, “avtobuslar harakati ustuvorligini va piyodalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida” uzunligi 29 kilometr bo‘lgan 8 ta asosiy transport koridorlarini (83 ta chorraha va 41 ta piyodalar o‘tish joyi) rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.

Gazeta.uz'ning eslatishicha, avvalroq Transport vazirligi huzuridagi loyiha ofisi direktori Murod Abidov 2024-yilda Toshkent shahriga kiraverishda 12 ta ekspress yo‘nalish ochish rejalashtirilgani, ular to‘g‘ri yo‘nalish bo‘ylab harakatlanishi va kamida ikkita metro liniyasini kesib o‘tishi kerakligini ta’kidlagan edi.