Ekologiyaga bag‘ishlangan eng yaxshi maqola va videoroliklar tanlovi e'lon qilindi

E’lon qilingan sana· 531
Ekologiyaga bag‘ishlangan eng yaxshi maqola va videoroliklar tanlovi e'lon qilindi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan “Uzbekistan eco-publication and video clips award” (“Eng yaxshi eko-maqola va videoroliklar”) tanlovi oʻtkaziladi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Tanlovda Oʻzbekistonning ekologik kelajagiga befarq boʻlmagan barcha, jumladan, jurnalist, bloger, talaba, oʻquvchi, davlat va nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etishlari mumkin.

Gʻoliblari quyidagi nominatsiyalar boʻyicha aniqlanadi:

  • “Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishiga moslashish” mavzusida o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi eng yaxshi material;
  • “Oʻzbekistonda bioxilma-xillikni saqlash” mavzusida o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi eng yaxshi material;
  • “O‘zbekistonda atmosfera havosini muhofaza qilish” mavzusida o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi eng yaxshi material;
  • “Oʻzbekistonda chiqindilarni boshqarish” mavzusidagi o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi eng yaxshi material;
  • “Oʻzbekistonda yer resurslarini muhofaza qilish” mavzusidagi o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi eng yaxshi material;
  • “Oʻzbekistonda suv va suvdan foydalanish muammolari” mavzusida o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi eng yaxshi material;
  • “Atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ijtimoiy rolik”;
  • Loyiha doirasida eng faol qatnashgan nodavlat notijorat tashkiloti (NNT).

Tanlovga o‘zbek, rus va ingliz tillarida yozilgan, 2023-yil 1-maydan 2024-yil 30-aprelgacha O‘zbekistonda va xorijdagi OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan ekologiya mavzusidagi maqolalar hamda videoroliklar qabul qilinadi.

Arizalar 2024-yil 1-fevraldan 2024-yil 1-maygacha info@eco.gov.uz elektron manziliga yuborilishi lozim. Arizalarga audio va video formatdagi materiallar havolalari ilova qilinadi. Videoroliklar 1920×1080 PAL formatda, davomiyligi 5 daqiqagacha bo‘lishi kerak.

Taqdim etilgan barcha materiallar va tanlov natijalari www.eco.gov.uz veb-saytida eʼlon qilinadi. Gʻoliblar 5-iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni arafasida taqdirlanadi.