Oʻzbek davlat sirki qishki ta’tilda qanday tomosha qoʻymoqda?

E’lon qilingan sana· 907
Oʻzbek davlat sirki qishki ta’tilda qanday tomosha qoʻymoqda?

Oʻzbek davlat sirki jamoasi har Yangi yil bayramiga yangi tomosha sahnalashtirishni odatga aylantirgan. Bayram ta’tilining maroqli oʻtishi, bolalarga estetik zavq va kayfiyat ulashishni maqsad qilgan ijodiy jamoa bu mavsum qanday tomosha qoʻyishiga qiziqqan Afisha.uz muxbirlari sirkdan reportaj tayyorladi.

Sahnalashtiruvchi rejissor Abduqodir Azimovning aytishicha, Oʻzbek davlat sirki qishki ta’tilda repertuarda hech qachon boʻlmagan tomoshani taqdim qilmoqda.

“Jamoa bilan birgalikda bu yil „Uyda yolgʻiz“ filmidagi ayrim sahnalarni sirk tomoshasida aks ettirib, bolajonlar uchun ajoyib sovgʻa tayyorladik. Unda asosiy qahramonlar — Kevin, Mark va Garri boʻlib, Qorbobo va Qorqiz kabi bayram qahramonlarini ham jamlashga harakat qilganmiz”, — dedi u.

Mazkur Yangi yil tomoshasi 28-dekabrdan 10-yanvarga qadar har kuni uch mahal namoyish etiladi.

“Tomosha qoʻyilayotgan paytda zaldagi bolajonlarni kuzatsak, ular juda katta qiziqish bilan koʻrishadi. Internet yoki televideniye orqali koʻrgan tomoshasini jonli tomosha qiladi, hayvonlarning hatti-harakati: olovda sakrashi, qiliqlarini koʻrib, hayratlanadi. Sirkka bolalarni tez-tez olib kelish kerak. Bolani hayvonlarga nisbatan munosabati, ular haqidagi salbiy fikrlari va tushunchalari oʻzgaradi. Katta yoshli tomoshabinlar esa farzandi bahona kelib, biroz boʻlsa ham hordiq chiqarib ketadi”, — dedi yirtqich hayvonlarni oʻrgatuvchi Otabek Husinov.

Oʻzbek davlat sirkidan tayyorlangan reportajni Afisha.uzning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov