Idora va muassasalarda har oy bir marta “Teatr kuni” nishonlanishi taklif etildi

E’lon qilingan sana· 1 897
Idora va muassasalarda har oy bir marta “Teatr kuni” nishonlanishi taklif etildi

22-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi. Unda prezident davlat tasarrufidagi idora va muassasalarda oyning bir kunini “Teatr kuni” deb eʼlon qilishni taklif qildi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot kotibi.

“Agar hozir „Qani, oxirgi bir oyda qaysi teatrga bordingiz, qanday yangi kitob o‘qidingiz?“, deb so‘rasam, o‘ylaymanki, aksariyat rahbarlar xijolat bo‘lib qolishi mumkin. Holbuki, rahbar-yetakchilar ijtimoiy dunyoqarash, madaniy saviya bo‘yicha boshqalarga o‘rnak bo‘lishlari kerak”, — dedi prezident.

Shuningdek, yig‘ilish davomida Madaniyat vazirligiga Teatr sanʼatini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish va tasdiqlash uchun kiritish topshirildi.

Dasturda tarixiy va zamonaviy mavzular bo‘yicha eng yaxshi pyesa uchun ijodiy buyurtma berish, dramaturglarga 50 million so‘mdan qalam haqi to‘lash, ijodiy va yordamchi xodimlarning rivojlangan davlatlar teatrlarida mahorat oshirishini yo‘lga qo‘yish hamda yosh rejissyorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Mannon Uyg‘ur nomidagi mukofotni taʼsis etish nazarda tutiladi.