“Odamlar parvoz qiladi”: "Humo Air" bilan 159 ming soʻmga Toshkentdan Urganchgacha sayohat hikoyasi

E’lon qilingan sana· 2 747
“Odamlar parvoz qiladi”: "Humo Air" bilan 159 ming soʻmga Toshkentdan Urganchgacha sayohat hikoyasi

O‘zbekistonning “Humo"si (Humoyunlarni hisobga olmasa, albatta) yagona emas, afsonaviy qushdan tashqari bir nechta loyihalar bor. 2020-yilda xuddi shu nomli loyihalarning sohasi yana bittaga ko‘paygandi — “Humo Air” nomi ostida aviakompaniya ochilgan. Loukoster 2023-yildan boshlab mahalliy yo‘nalishda muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ydi.

Afisha.uz muharriri 15-dekabr kuni “Humo Air"ning Urganch shahriga amalga oshirilgan birinchi reysida bo‘ldi va quyida o‘z taassurotlari bilan bo‘lishadi.

Sarlavhada o‘qigan bo‘lsangiz kerak: “Odamlar parvoz qiladi” — bu aviakompaniyaning shiori. Konstaning shu nomga o‘xshash — “Odamlar ucha olar” trekini (va konsertini, albatta) yaxshi eslasangiz kerak, quyidagi maqolani ushbu musiqa fonida eshitishni tavsiya qilamiz.

O‘zbekiston bozorida loukoster sifatida faoliyat yuritayotgan “Humo Air” aviakompaniyasi 15-dekabrdan boshlab 4 ta markaziy shahar — Nukus, Samarqand, Qarshi va Urganchga kunlik aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Afisha.uz muharriri (boshqa jurnalist va blogerlar singari) birinchi kundagi oxirgi reys — Toshkent—Urganch—Toshkent yo‘nalishida parvoz qildi.

Aviakompaniya haqiqatda loukoster nomiga mos: viloyat markazlariga chipta narxlari 159 ming so‘mdan boshlanadi. Albatta, bu narxda chipta sotib olish uchun oldinroq harakat qilishingiz va bagajsiz bo‘lishingiz kerak, agar tez, masalan, ertaga biror shaharga uchmoqchi bo‘lsangiz, chiptani bundan qimmatroqqa olishingiz tabiiy. Shu sababli safarni oldindan rejalashtirishni maslahat beramiz.

Umuman olganda, kompaniya chipta xarid qilayotganingizda uchta tarif taklif qiladi: “Basic”, “Standart” va “Special”. Tariflar bagajlarning ruxsat etilgan vazni va ba’zi xususiyatlariga qarab farq qiladi.

Aviakompaniya parkida hozircha faqatgina bitta samolyot — Airbus A320 mavjud. Uning barcha o‘rindiqlari ekonom klass tarifida bo‘lib, qo‘shimcha xizmatlar — ovqatlanish, o‘rindiq tanlash va boshqalar uchun alohida to‘lov mavjud.

“Humo Air” marketing va savdo bo‘yicha direktori Andrey Osinsevning ta’kidlashicha, tez orada ikkinchi A320 samolyoti ham yetib keladi va 25-dekabrdan boshlab yana to‘rtta shahar — Navoiy, Termiz, Buxoro, Farg‘onaga muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yiladi. Har bir samolyot kuniga o‘rtacha 4 ta reysni amalga oshirishi kutilmoqda.

Aviakompaniya 2024-yilda qatnov geografiyasini kengaytiradi va butun respublikani qamrab oladi. Osinsev kompaniya Olmaota, Boku, Dubay va boshqa shaharlarga ham xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yish niyatida ekanini aytib o‘tdi. Humo Air 2025-yilning so‘ngiga qadar 18 ta samolyotga ega bo‘ladi.

Chipta sotib olish va kompaniya haqida ma’lumot berib o‘tdik, endi Toshkent—Urganch—Toshkent reysiga qaytamiz. Samolyotga chiqishingiz bilan sizni kompaniya aydentikasiga oid malina rangli formadagi styuardessalar kutib oladi. Avvalroq ta’kidlaganimizdek, samolyotda barcha o‘rindiqlarning klassi bir xil. O‘z joyingizga o‘rnashib olganingizdan so‘ng styuard va styuardessalar har parvozda bo‘lgani kabi, xavfsizlik bo‘yicha qisqa instruksiyalar berib o‘tadi.

Chiptaning turidan qat’iy nazar parvoz vaqtida kichik tamaddi qilib olish uchun bulochka va suv taqdim etiladi. Personallar esa xushmuomala.

Tabiiyki, 1−1,5 soatli parvozdan bir olam taasurot olish qiyin, hozircha bori shu. Ammo shu yerda bir qiziqarli fakt: “Humo Air"ning rebrendingdan keyingi logotipida besh tashlayotgan qo‘l va (shuning o‘zida) parvoz qilayotgan qush tasvirlangan. Samolyotning tashqi tarafida esa QR-kod joylashtirilgan — uni skaner qilib ko‘rishni esa o‘zingizga qoldiramiz.

Keyingi reyslarda ko‘rishguncha!

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov