Benzema, Fabinyo, Bunu — Jahon futboli yulduzlari o‘z klublari bilan O‘zbekistonda
27 va 28-noyabr kunlari futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasi 5-tur uchrashuvlari doirasida ikki Saudiya klubi — “Al Ittihod” va “Al Hilol” o‘z guruhlaridagi “OKMK” va “Navbahor” klublariga qarshi O‘zbekistonda uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda mehmon jamoalarning qo‘li baland keldi.
Tarkibi 2022-yilgi “Oltin to‘p” sohibi Karim Benzema, sobiq “Liverpul” futbolchisi Fabinyo va portugaliyalik Jota kabi yulduzlar bo‘lgan “Al Ittihod” 27-noyabr kuni Olmaliqda “OKMK” jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Unda mehmonlar 1:2 hisobida g’alaba qozondi.
Uchrashuvdagi birinchi golni 30-daqiqada marokashlik hujumchi Abderrazoq Hamdalla “Liverpul"ning sobiq futbolchisi Fabinyoning uzatmasidan so‘ng urdi. Oradan 4 daqiqa o‘tib, 32 yoshli forvard dubl qayd etdi va hisobdagi farqni 2 taga yetkazdi. Mezbonlar 78-daqiqada italiyalik Martin Boakyening goli evaziga hisobni qisqartirdi.
Saudiya Arabistoni klubi hujumchisi Karim Benzema maydonda to‘liq 90 daqiqa o‘ynadi, ammo u gol yoki assist qayd etmadi. “C” guruhidagi beshta o‘yindan so‘ng “Al Ittihod” 12 ochko bilan birinchi o‘rinda bormoqda, “AGMK” esa beshta mag‘lubiyat bilan oxirgi o‘rinni “kafolatladi”.
Uchrashuvdan fotolar
28-noyabr kuni esa Namangannig “Navbahor” klubi Saudiyaning “Al Hilol” jamoasini qabul qildi. Tarkibida JCh-2022 yulduzlaridan biri Yassin Bunu, Kalidu Kulibali, Sergey Milinkovich-Savich, Malkom, Aleksandr Mitrovich va Neymar kabi yulduzlar bo‘lgan jamoasi Namanganda 0:2 hisobida g‘alabaga erishdi. Neymyar Braziliya terma jamoasida olgan jarohati tufayli ushbu uchrashuvni o‘tkazib yubordi.
Uchrashuvning 9-daqiqasida namanganliklar darvozasi tomon penalti belgilandi. Ammo Saudiya Arabistoni terma jamoasi safida JCh-2022 guruh bosqichidagi Argentinaga urgan goli bilan dunyoga mashhur bo‘lgan va 2023-yil “Osiyoning eng yaxshi o‘yinchisi” deb topilgan Salim Ad-Dovsari undan foydalana olmadi.
68-daqiqaga kelib, “lochinlar” darvozasiga yana bir penalti belgilandi va Ad-Dovsarining zarbasini O‘tkir Yusupov qaytarishga erishdi, ammo qaytgan to‘pni zahiradan maydonga tushgan Malkom uni darvozaga joylab qo‘ydi.
85-daqiqada ikkita penaltini ham golga aylantira olmagan Salim Ad-Dovsarining uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi O‘tkir Yusupovni ojiz qoldirdi va ushbu gol uchrashuv taqdirini hal qildi.
5-turdan so‘ng “Navbahor” “D” guruhida 10 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Birinchi o‘rinda 13 ochko jamg‘argan “Al Hilol” jamoasi. Namanganliklar keyingi bosqichga yo‘l olish uchun yaxshi imkoniyatni saqlab turibdi.
Uchrashuvdan fotolar
Bundan tashqari, O‘zbekistonning yana ikki klubi — “Nasaf” va “Navbahor” ham ushbu kunlari o‘z uchrashuvlarini o‘tkazdi. “Nasaf” Qarshida Iordaniyaning “Al-Faysali” klubini irodali tarzda mag‘lub etib, 10 ochko bilan “B” guruhi peshqadamiga aylanib oldi. “Ajdarlar"da keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyat mavjud.
28-noyabr kuni Toshkentning “Paxtakor” jamoasi BAAning “Al-Ayn” jamoasi mehmoni bo‘ldi. Unda poytaxtliklar 1:3 hisobida kambek qayd etib, “A” guruhida 7 ochko to‘plagan holda 2-o‘rinda bormoqda. Nazariy jihatda “sherlar"ning ham keyingi bosqichga yo‘l olish imkoniyati saqlanib turibdi. Ammo bu masala birgina “Paxtakor"ning o‘ziga bog‘liq emas, boshqa guruhlardagi vaziyatni kuzatishiga to‘g‘ri keladi.