YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqandda bo‘lib o‘tadi
2023-yil 22-noyabrda O‘zbekiston vakillarining YUNESKOga a’zo mamlakatlar bilan olib borgan qizg‘in muzokaralari natijasida Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi tarixiy qaror qabul qilindi, deb xabar bermoqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi.
O‘zbekiston hukumati YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025-yilda O‘zbekistonning Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif qilgan edi.
“YUNESKO Konstitutsiyasi va Bosh konferensiya jarayonlari qoidalariga to‘liq muvofiq keluvchi O‘zbekiston Respublikasi hukumatining tashabbusi YUNESKO o‘zi tashkil topgan onlaridan buyon rag‘batlantirib kelayotgan asosiy qadriyatlarni ilgari surish, ayniqsa, tamaddunlar, madaniyatlar va xalqlar o‘rtasidagi xilma-xillik va muloqotni yanada targ‘ib etishga salmoqli hissa qo‘shadi”, — deyiladi xabarda.
40 yil ichida ilk bor Bosh konferensiya YUNESKO qarorgohidan tashqarida o‘tkaziladi.