"Lonely Planet" nashri: O‘zbekiston – eng yaxshi sayohat maskani

E’lon qilingan sana· 1 552
"Lonely Planet" nashri: O‘zbekiston – eng yaxshi sayohat maskani

6−8-noyabr kunlari London shahrida bo‘lib o‘tayotgan “World Travel Mart” xalqaro turizm ko‘rgazmasi davomida “Lonely Planet” nashri tomonidan O‘zbekiston — eng yaxshi sayohat maskani deb topildi, deb xabar bermoqda Turizm qo’mitasi matbuot xizmati.

Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Jamshid Abdusalamovga nashriyotning Vitse Prezidenti Tom Brody tomonidan 2024-yil uchun mazkur nominatsiyasi g‘olibi bo‘lganligi munosabati bilan maxsus sertifikat topshirildi.

Ma’lumot uchun: “Lonely Planet” — sayohat bo’yicha qo’llanma va kitoblar nashriyoti bo‘lib, 1973-yilda Avstraliyada tashkil etilgan kompaniya 150 milliondan ortiq kitoblarni chop etgan. Kunlik kuzatuvchilari soni 15 millionga yaqin ekanligi qayd etildi.

25-oktyabr kuni 10 ta davlat (Benin, Chili, Xorvatiya, Hindiston, Pokiston, Meksiko, Marokash, Sent-Lyusiya va O‘zbekiston) orasida O‘zbekiston nomzodi “Lonely Planet” nashriyoti ekspertlari tomonidan g‘olib deb topilgan.

Ekspertlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekiston quyidagi islohotlar uchun tanlangan:

“O‘zbekiston bo‘ylab vohadan tortib vohagacha sayohatchilar o‘tgan asrlar davomidagi savdo tarmoqlarini kuzatishda davom etmoqda. Bir paytlar obod qal’a shaharlarini bog‘lab turgan tuya karvonlari o‘rnini tezyurar temiryo‘l va qulay ichki reyslar tarmog‘i egallagan bo‘lsa-da, Samarqand, Buxoro va Xivaning qadimiy madaniy markazlari hali ham Ipak yo‘li davrini eslatib turadi. Nurota tog‘larida jamoatchilik asosidagi turizm tashabbusi tashrif buyuruvchilarga cho‘pon jamoalari hayotini ko‘rsatadi”, — deyiladi xabarda.

Nashrning rasmiy saytida mukofotlar haqida ko‘proq ma’lumotlarni topish mumkin.