Toshkentda bir qator avtobus yo‘nalishlari vaqtinchalik o‘zgartiriladi
Toshkentda 51, 141, 196-sonli avtobuslar 8−10-noyabr kunlari o‘z yo‘nalishida harakatlanmaydi. Bu poytaxtda “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti"ning 16-sammiti o‘tkazilishi sababli ayrim ko‘chalarning yopilishi bilan bog‘liq. “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati ushbu avtobuslarning shu kunlarga o‘zgartirilgan yo‘nalishini e’lon qildi.
Xususan, Islom Karimov ko‘chasining Furqat ko‘chasidan Olmazor ko‘chasigacha bo‘lgan qismi avtomobillar harakati uchun to‘liq yopilishi sababli, ushbu manzil orqali harakatlanuvchi:
- 51-sonli yo‘nalish harakati I.Karimov ko‘chasidan Afrosiyob, Beshyog‘och, Furqat ko‘chalari orqali vaqtinchalik o‘zgartiriladi;
- 141-sonli yo‘nalish harakati Qoratosh ko‘chasidan Furqat, A.Navoiy, Olmazor ko‘chalari orqali vaqtinchalik o‘zgartiriladi;
- 196-sonli yo‘nalish harakati Afrosiyob ko‘chasidan Beshyog‘och, Furqat, A.Navoiy ko‘chalari orqali, keyingi harakati o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etiladi.
Bundan tashqari, qayd etilishicha, tadbir ishtirokchilarining belgilangan manzillargacha harakatlanishi jarayonida, ayrim ko‘chalarda avtomobillar harakati vaqtinchalik cheklanishi sababli, quyidagi yo‘nalishlarda oraliq interval vaqtlari va qatnov vaqtlarining ortib ketish holatlari yuzaga kelishi mumkin:
- Bobur ko‘chasi orqali harakatlanuvchi 11, 40, 45, 47, 67, 76, 77, 94-sonli avtobus yo‘nalishlarida;
- Nukus ko‘chasi orqali harakatlanuvchi 2, 12, 80, 81, 97, 127, 196-sonli yo‘nalishlarda;
- Oybek ko‘chasi orqali harakatlanuvchi 57, 67-sonli yo‘nalishlarda;
- Afrosiyob ko‘chasi orqali harakatlanuvchi 13, 196-sonli yo‘nalishlarda;
- Sh.Rashidov ko‘chasi orqali harakatlanuvchi 30, 37, 57, 85, 97, 140-sonli yo‘nalishlarda;
- I.Karimov ko‘chasi orqali harakatlanuvchi 1, 19, 21, 51, 60, 67, 85-sonli yo‘nalishlarda;
- A.Navoiy ko‘chasi orqali harakatlanuvchi 28, 30, 37, 44, 46, 57, 68, 78, 89, 91, 97, 115, 140-sonli yo‘nalishlarda.
“Jamoat transportini tashkil etish bo‘yicha vaqtinchalik o‘zgarishlarni hisobga olgan holda Xalqaro Aeroportga borishni rejalashtirgan hamyurtlarimizdan o‘z vaqtlarini oldindan rejalashtirishlarini tavsiya etamiz hamda keltirilgan noqulaylik uchun uzr so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, “Toshshahartransxizmat” “zaruriyatdan kelib chiqqan holda, yo‘lovlar tashish uzluksizligini taʼminlash maqsadida, yo‘nalishlar harakatiga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini” alohida qayd etib o‘tgan.
Gazeta.uz'ning Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) orqali aniqlik kiritishicha, kortej o‘tayotganda piyodalar, velosipedchilar va skuterdagi odamlar yo‘lni kesib o‘ta olmaydi, biroq piyodalar yo‘lakchasida harakatlanishlari mumkin bo‘ladi.