O‘zbekistondagi "yashash uchun eng qulay shaharlar" aniqlandi
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan O‘zbekiston shaharlarining “yashash uchun qulayligi” reytingi tuzildi.
Indeksni shakllantirishda ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma, barqarorlik, madaniyat va atrof-muhit yo‘nalishlaridagi jami 27 ta miqdoriy hamda sifat ko‘rsatkichlaridan foydalanilgan. Reyting aholi soni 40 ming kishidan ortiq bo‘lgan respublikaning 30 ta shahri uchun ishlab chiqilgan. Reyting 100 balli tizimda tuzilgan.
Ta’kidlanishicha, shaharlarda yashash qulayligi yig‘ma indeks asosida baholanib, indeks milliy statistik ko‘rsatkichlar doirasida, Global Liveability reytingi metodologiyasi asosida ishlab chiqilgan.
Natijalarga ko‘ra, respublikadagi yashash uchun eng qulay shaharlar ichida Toshkent 79,1 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan. Urganch 76,0 ball bilan ikkinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, Buxoro 75,4 ball bilan yashash uchun eng qulay 3-shahar bo‘lgan. Reytingning to‘rtinchi va beshinchi pog‘onasidan Samarqand (70,6) va Navoiy (68,1) shaharlari joy olgan.
Ro‘yxatning eng quyi beshtaligida Bekobod (35,3), Xonobod (35,3), Yangiyer (33,5), Ohangaron (32,9) hamda Quvasoy (26,4) shaharlari joylashgan.
E’tiborli jihati, reyting bo‘yicha yashash qulay TOP-10 shaharlarning barchasi viloyat markazlari hisoblanib, reytingda ushbu shaharlarga reyting pog‘onalari bo‘yicha eng yaqin Qo‘qon (13-o‘rin), Xiva (14-o‘rin) va Chirchiq (16-o‘rin) kabi nomarkaziy hududiy birliklar joylashdi.
Yo‘nalishlar kesimida yetakchi shaharlar:
- Taʼlim hamda tibbiyot: Buxoro, Guliston va Urganch.
- Infratuzilma: Urganch, Navoiy va Toshkent.
- Ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik: Toshkent, Urganch va Guliston.
- Madaniyat va atrof-muhit: Toshkent, Buxoro va Samarqand.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, reytingni amaliyotga joriy etish natijasida respublika shaharlarining umumiy holatini bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha doimiy monitoring qilib borish imkoni yaratiladi. Shuningdek, reytingni takomillashtirish doirasida har bir yo‘nalish bo‘yicha mavjud muammoli sohalar aniqlanib, ularni bartaraf etish hamda kelgusidagi iqtisodiy rivojlanishga to‘siq bo‘luvchi omillarni kamaytirish mumkin, deyiladi institut xabarida.