O'zbekistonda “mobil qullik” butunlay bekor qilindi
Mobil aloqa abonentlariga o‘z mobil raqamlarini saqlagan holda o‘zlari xohlagan mobil aloqa operatori xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 27-oktyabr kuni “ICTWEEK UZBEKISTAN — 2023” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini ko‘chirish xizmati (MNP) ishga tushirildi.
Endilikda abonentlar mobil aloqa operatorlarining xizmat ko‘rsatish sifatiga qarab istalgan kompaniyani tanlashi mumkin. Bunda mobil aloqa abonentlariga ular boshqa operatorga ko‘chganda o‘z abonent raqamini saqlab qolish imkoniyati taqdim etiladi.
Dastlabki bosqichda jismoniy shaxslar o‘zi o‘tishni xohlagan mobil aloqa operatori ofisiga tashrif buyurgan holda murojaat etadi hamda mobil raqami ko‘chirilgan yangi sim kartani olib ketadi.
“Xizmatning ishga tushirilishi mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan mobil aloqa operatorlari o‘rtasida sog‘lom, ijobiy raqobatni yanada kuchaytirish bilan birga ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining oshishiga olib keladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda O‘zbekistonda Beeline, MobiUz, Ucell, UZTELECOM, Humans kabi 5 ta mobil aloqa operatori faoliyat ko‘rsatadi. Ular tomonidan mijozlarga mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Agar xizmatdan foydalanib, mobil aloqa operatori o‘zgartirilsa, ko‘chirilgan raqamlar o‘z shaklini va ko‘rinishini saqlab qoladi.