Samarqandda xalqaro turizm akademiyasi ochildi
20-oktyabr kuni Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti BMT Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida UNWTO Xalqaro turizm akademiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Turizm qo‘mitasi axborot xizmati.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili, UNWTOga a’zo davlatlar vazirlari va delegatsiyalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari va boshqalar ishtirok etdi.
Akademiyadan maqsad turizm sanoati va iqtisodiyot sohasini rivojlantirishga xizmat qiladigan malakali kadrlar sinfini shakllantirishdan iborat ekani qayd etilgan.
Zurab Pololikashvili esa turizmni rivojlantirishda ta’limning ahamiyati va Bosh Assambleyaning yubiley sessiyasi o‘tkazilgan mamlakatda Xalqaro akademiya ochilishini ta’kidladi.
“Akademiyani ochish tashabbusi ilgari surilganidan 9 oy o‘tib, ochilishda qatnashayotganimdan xursandman. Dastlab bunga ishonolmadim, chunki Bosh Assambleya boshlanishiga oz vaqt qolgandi. Bu jarayonda qatnashganimdan mamnunman. Bu nafaqat UNWTO yoki Samarqand uchun, balki umuman turizm uchun ham muhim qadamdir”, — dedi Z.Pololikashvili ochilishda.
Akademiyaning o‘quv dasturi Shveytsariya mehmondo‘stlik maktablari tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Trening chet ellik maslahatchilar tomonidan olib boriladi. Akademiyani tamomlagandan so‘ng bitiruvchiga jalb qilingan hamkor ta’lim muassasalari tomonidan tan olingan sertifikat beriladi. Har bir modulni tugatgandan so‘ng, talabalar xususiy sektor hamkor kompaniyalarida amaliyot o‘tash orqali amaliy tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deyiladi xabarda.
UNWTO Akademiyada xalqaro tajribaga asoslangan kadrlar tayyorlash modelini yaratish, oʻquv dasturlarini mahalliy sharoitga moslashtirish, ToT dasturlari (trenerlarga trening o‘tish, o’qituvchilarning malakasini oshirish) orqali mentorlarni tayyorlash, institutsional rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash, talabalar reytingini baholash, taʼlim sifatini oshirish boʻyicha konsalting xizmatlarini koʻrsatish, dasturlarning xalqaro tan olinishi va sertifikatlanishini ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
O‘zbekiston tomoni esa o‘quv dasturlarini mahalliy sharoitga ko‘paytirish va moslashtirish, ToT dasturlari orqali mentorlar tayyorlashga ko‘maklashish, loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, talabalarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish, dasturlarni takomillashtirish va moslashtirish, talabalar reytingini baholash, targ‘ibot ishlari dasturlarni targ’ib qilish va boshqa vazifalarni o‘z bo‘yniga olgan.