Toshkentda samokatlarni qanday qilib ijaraga olish mumkin? – qoʻllanma

E’lon qilingan sana· 1 793
Toshkentda samokatlarni qanday qilib ijaraga olish mumkin? – qoʻllanma

Bugungi kunda Toshkent ko‘chalarida mashinalardan keyin eng ko‘p uchraydigan transport turi samokatga aylandi — deyarli har qadamda samokat. Lekin ko‘pchilik undan qanday foydalanish mumkinligini bilmaydi. Ushbu maqolada uni qanday qilib qisqa vaqtga ijaraga olish mumkinligini qadamma-qadam tushuntirib beramiz.

Hozirgi kunda samokat ijarasi bo‘yicha faoliyat yuritayotgan kompaniyalar ko‘p. Masalan, YOTO, Kicker, Sun, City Bike, Jet va hokazo. Toshkent ko‘chalarida bugungi kunda eng ko‘p uchraydigani JET bo‘lgani uchun biz aynan ushbu kompaniyani tanladik.

Birinchi bo‘lib smartfoningizga JET ilovasini yuklab olishingiz kerak bo‘ladi. So‘ng ilovadan ro‘yxatdan o‘tish kerak: dastlab faol telefon raqamingizni va unga kelgan tasdiq kodini kiritasiz. Shundan so‘ng sizdan plastik karta ma’lumotlarini kiritish so‘raladi, chunki to‘lov aynan kartalar orqali amalga oshiriladi. Ba’zi ilovalar, masalan, YOTOʻda karta ma’lumotlarini kiritmasdan, Click yoki Payme orqali to‘lov qilish mumkin.

Karta kiritilgandan so‘ng uning faol yoki faol emasligini tekshirish uchun hisobingizdan 1000 so‘m yechiladi. Havotir olmang, bu pul tezda qaytarib beriladi.

Ilovaga kirganingizdan keyin u lokatsiyangizni aniqlab, sizga eng yaqin bo‘lgan bo‘sh samokatlarni ko‘rsatadi. Ulardan birini tanlab, samokatga o‘rnatilgan QR-kodni ilova orqali skaner qilasiz. Ammo ijaraga olishdan oldin samokatga yaxshilab qarab oling — hech qayeriga zarar yetmaganmi? Samokat ijaraga olingandan so‘ng ilovada taymer yoqiladi. Shundan so‘ng siz harakatlanishni boshlashingiz mumkin.

Harakatni boshlash uchun bir oyog‘ingiz bilan samokatda turgan holda ikkinchisi bilan ikki qadam harakatlanasiz va o‘ng qo‘lingizda turgan gaz tugmasini bosasiz.

Ikki tarafga ham tormoz o‘rnatilgan. Harakat boshlanayotganda ularni tekshirib olishni tavsiya qilamiz.

Endi yana ilovaga qaytamiz. Ilovada xarita turli ranglar bilan belgilangan. Oq hududda bemalol harakatlanish mumkin. Kulrang bilan belgilangan hududga esa samokat bilan kirish taqiqlanadi. Qizil esa u yerga o‘tish mumkin emas, samokat u yerda faoliyat ko‘rsatmasligini bildiradi.

Bundan tashqari, ba’zi joylarda tezlik cheklangan hududlar ham bor. P belgisi esa o‘sha yerda parkovka bor degani, o‘sha yerda samokatlarni qoldirish mumkin.

Aytgancha, masalan, YOTO va IZZI xizmatlarida qamrov xaritasi JET’nikidan kengroq, shuning uchun siz o‘z marshrutingizga mos keladigan xizmatni tanlashingiz maqsadga muvofiq.

JET ilovasida uch xil ijara turi bor: daqiqa hisobida, soatli va obuna bo‘yicha. Agar daqiqa hisobida ijaraga olmoqchi bo‘lsangiz, safarni boshlash uchun qo‘shimcha ming so‘m to‘lovi bor, obunada esa bu yo‘q — faqat yurgan daqiqalaringiz uchun to‘laysiz. Obuna narxi oyiga 9900 so‘m. Safardagi har bir daqiqa narxi o‘rtacha 490 so‘m. Tariflar shahar, hafta kunlari va samokatga bo‘lgan tarifga qarab o‘zgarishi mumkin. Bir soatga ijaraga olsangiz, to‘lov 21 570 so‘m, 1 soatdan oshgan har bir daqiqa uchun yana 490 so‘mdan.

Safar boshlanayotganda 10 ming so‘m pul muzlatib qo‘yiladi, bu xuddi zalog kabi. Agar 10 ming so‘mlik yo‘l yurmasangiz, qolgan pul qaytariladi.

P. S. Narxlar maqola e’lon qilingan sana bo‘yicha aktual.

Xo‘sh, manzilga yetib keldingiz, endi samokatni qanday topshirish kerak? Eng yaqin P belgili parkovkaga borasiz, samokatni joyiga qo‘ygach, smartfoningizdagi ilovadan “Завершить” tugmasini bosasiz. Shundan so‘ng ilovada parkovka qilingan samokatni rasmga tushirishingiz kerak bo‘ladi.

Muhim: Noto‘g‘ri joyga qo‘yilgan samokat kartangizdan ko‘proq pul, ya’ni jarima ham yechib olinishiga sababchi bo‘lishi mumkin, shu sababli e’tiborliroq bo‘ling.

Video:

Aytgancha, safar vaqtida yo‘lda piyodalarga hushyor bo‘lishni unutmang. Yoʻlingiz bexatar boʻlsin!

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov