Toshkent Markaziy vokzali qachondan qayta ish boshlashi ma’lum qilindi

E’lon qilingan sana· 239
Toshkent Markaziy vokzali qachondan qayta ish boshlashi ma’lum qilindi

Shu yilning 15-sentyabridan Toshkent Markaziy (Shimoliy) vokzali modernizatsiya ishlari tufayli vaqtinchalik yopilgandi. Vokzal 16-oktyabrdan qayta o‘z faoliyatini avvalgi jadval bo‘yicha boshlaydi, deya xabar bermoqda “O‘ztemiryo‘lovchi” AJ axborot xizmat.

2023-yilning 15-sentyabridan 15-oktyabrigacha To‘qimachi bekatida modernizatsiya ishlari olib borilishi munosabati bilan Toshkent-Markaziy vokzalidan harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlar Toshkent Janubiy vokzalidan harakatlanishi belgilangandi.

Ma’lum qilinishicha, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob”, tezyurar “Sharq”, “Nasaf”, “O‘zbekiston” poyezdlari va “Toshkent — Volgograd — Toshkent” yo‘nalishida harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdlar avvalgidek Toshkent-Markaziy vokzalidan harakatlanadi. Hozirda Toshkent-Markaziy vokzali va To‘qimachi bekatidan harakatlanayotgan shaharlararo Xojikent, Guliston, Angren, Xavast, Bekobod yo‘nalishlaridagi poyezdlar 16-oktyabr sanasidan boshlab Toshkent-Janubiy vokzalidan harakatlanadi.

Avvalroq mahalliy yo‘nalishlardagi poyezdlar chiptalari narxi 20-oktyabrdan 50 foizga, “Afrosiyob” esa 100 foizga oshirilishi haqida xabar berilgandi.