Hafta oxirida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
O‘zgidromet`ning xabar berishicha, hafta oxirida respublikaning shimoliy hududlariga Kaspiy dengizi hududidan nam va salqin havo massalari kirib kelishi kutilmoqda.
Seshanba va chorshanba kunlari O‘zbekiston hududi bo‘ylab quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati kechalari +10…+15 daraja, kunduz kunlari +23…+28 daraja bo‘ladi.
5-oktabr kuni mamlakat hududining katta qismida quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi, kunduzi harorat +25…+30 darajagacha biroz ko‘tariladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
6-oktabrda nam va salqin havo massalarining kirib kelishi O‘zbekistonning barcha hududini qamrab oladi, ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayadi. Havo harorati kechasi +10…+15 daraja, kunduzi +20…+25 daraja bo‘ladi.
Toshkent shahrida havo o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat juma kuni 6-oktabrda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shamol asosan sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi, 6-oktabrda 10−12 m/s gacha kuchayadi. Harorat kechasi +12…+15 daraja, kunduzi +24…+27 daraja, 5-oktabrda +27…+29 daraja bo‘ladi. Juma kuni 6-oktabrda yomg‘ir paytida +21…+23 darajagacha pasayadi.