Toshkent metrosida Face ID orqali to‘lovlar sinovdan o‘tkazilmoqda
Toshkent metropolitenida Face ID orqali yo‘l haqi to‘lash tizimini sinovdan o‘tkazish boshlandi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.
“Spot” ushbu xabar bo‘yicha metroda ushbu texnologiyani joriy etayotgan kompaniya bilan aloqaga chiqib, ba‘zi ma‘lumotlarni oydinlashtirdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu tizim hozirda faqat Chilonzor yo‘lining “Buyuk ipak yo‘li” bekatida mavjud. 2024-yilning iyul oyiga qadar yo‘lkira to‘lovining ushbu yangi tizimi barcha metro bekatlarini qamrab olishi rejalashtirilgan. Biroq, yangi to‘lov texnologiyasini kengaytirish jarayoni keyingi moliyalashtirishga bog‘liq bo‘ladi.
Face ID orqali to‘lov ham ATTO ilovasi bilan amalga oshiriladi. Buning uchun ilovani smartfonga o‘rnatish, balansni to‘ldirish va smartfon old kamerasi bilan selfi olish orqali biometrik ma’lumotlarni topshirish kerak bo‘ladi. To‘lov qilish uchun quyidagi videoda ko‘rsatilgandek shunchaki turniketdagi kameraga qarashning o‘zi kifoya qiladi.
Qayd etilishicha, tizim hatto yuz qisman to‘silgan — ko‘zoynak taqqan, tibbiy niqob va bosh kiyimdagi odamni ham taniy oladi.
Loyiha VisionLabs xalqaro kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Kompaniya Moskva metrosida Face ID to‘lov texnologiyasini o‘rnatish bilan ham shug‘ullangan.