“Turonning qishki sovuq cho‘llari” nominatsiyasi YUNESKO ro‘yxatiga kiritildi

E’lon qilingan sana· 134
“Turonning qishki sovuq cho‘llari” nominatsiyasi YUNESKO ro‘yxatiga kiritildi

10−25-sentyabr kunlari Ar-Riyod (Saudiya Arabistoni)da YUNESKO Jahon merosi qoʻmitasining 45-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda.

Sessiya davomida 20-sentyabr kuni “Turonning qishki sovuq cho‘llari” nominatsiyasini Jahon madaniy va tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deya xabar bermoqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi axborot xizmati.

Nominatsiya Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston tomonidan tayyorlangan. Nominatsiyaning Oʻzbekiston qismi Janubiy Ustyurt milliy tabiat bogʻi va Saygʻoqli manzarali buyurtma qoʻriqxonasi tomonidan taqdim etilgan.

Mo‘tadil mintaqaning sovuq qishki cho‘llari favqulodda iqlim sharoitlari, turli-tuman geomorfologik shakllar hamda alohida va endemik biologik xilma-xillik bilan ajralib turadigan noyob va keng ko‘lamli biomlardan biri hisoblanadi. Oʻsimlik, hayvonot dunyosi va ekotizimlarning tuzilishi, tadrijiy va boshqa ekologik jarayonlar yozda haddan ziyod quruqlik va jazirama, qishda esa keskin qahratonga moslashgan. Cho‘l ekotizimlari nafaqat iqlim sharoitlarini aks ettiradi, balki tabiiy uglerod yutkich va g‘amlovchilari vazifasini ham bajaradi.

Turon cho‘llarining geografik ko‘lami nihoyatda keng bo‘lgani bois ekotizimlarning asosiy turlari va davom etayotgan ekologik jarayonlarini, jumladan, o‘ziga xos flora va faunani ifodalash uchun mintaqalararo tizimli yondashuv talab etiladi.

Ma’lumotlarga ko’ra, ishtirokchi davlatlar — Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonning qo‘shma nomzodnomasi YUNESKO mintaqalararo hamkorligining yorqin namunasi bo‘lib, Markaziy Osiyo doirasida madaniy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Maykl Sukkov jamgʻarmasi (MSF)ning ilmiy va texnik koʻmagi bilan Xalqaro iqlim tashabbusi (IKI) doirasida Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan Markaziy Osiyo choʻl tashabbusi (CADI) doirasidagi nominatsiya, shuningdek, Jahon merosi konventsiyasi doirasidagi xalqaro masʼuliyat va hamkorlikning namunasidir, deyiladi xabarda.