"Borsa-Kelmas" boʻylab 42 km: Oroldan 60 km uzoqlikdagi qurib qolgan traktda marafon o'tkazildi

E’lon qilingan sana· 333
"Borsa-Kelmas" boʻylab 42 km: Oroldan 60 km uzoqlikdagi qurib qolgan traktda marafon o'tkazildi

17-sentyabr kuni Orol dengizida davom etayotgan ekologik halokatga e’tibor qaratish maqsadida sport tadbiri o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Tadbir doirasida amerikalik mashhur ultramarafonchi Din Karnasis Andrey Kulikov bilan birgalikda Oroldan 60 km uzoqlikda joylashgan, dengiz va bu mintaqadagi suv resurslaridan ommaviy foydalanish natijasida qurib qolgan «Borsa-Kelmas» trakti hududida 42 km 195 m masofaga yugurdi.

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va Prorun.uz yugurish maktabi asoschisi Andrey Kulikov tashabbusi bilan o’tkazilgan mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad — jahon hamjamiyatining e’tiborini Orol dengizi ekologik fojiasiga jalb qilish, shuningdek, 19−23-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasining 2023-yilgi sessiyasida dolzarb global ekologik muammolarga bag’ishlangan muhokamalarni qo‘llab-quvvatlash va kuchaytirishdan iborat, deyiladi xabarda.

4 soat, 51 daqiqa, 18 soniya davom etgan marafon natijalariga ko‘ra, Din Karnasisning qadamlari yig‘indisi 43 420, Andrey Kulikovniki 44 860 bo‘lib, jami 88 280 qadamni tashkil etdi.

Ma’lumot uchun, 2022-yilda Andrey Kulikov Orol dengizi tubi bo‘ylab 42 km 195 m masofani 4 soat 9 daqiqada bosib o‘tgan edi. Bu yil sport tadbiriga dunyoga mashhur amerikalik ultramarafonchi Din Karnasis qo’shildi. U marafon olamidagi ajoyib yutuqlari, jumladan, 2005-yilda uyqusiz 80 soat 44 daqiqada 350 mil (560 km) masofani bosib o’tgani bilan mashhur.