Parkentda “Uzum sayli” xalqaro festivali o‘tkaziladi
Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan uzumchilik fermer xo‘jaligida 15−16-sentyabr kunlari “Uzum sayli” xalqaro festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi Afisha.uz`ga xabar bermoqda.
Festivalda O‘zbekistonning 12 ta viloyatidan fermer xo‘jaliklari, vino zavodlari, tabiiy ichimliklar, sharbatlar va sharbat konsentratlari ishlab chiqarish korxonalari ekspozitsiyalari ishtirok etishi mumkin. Har bir viloyat o‘zining ekologik, agroturizm salohiyatini namoyish etadi.
Festival davomida biznes-seminarlar, xorijiy va mahalliy yetakchi mutaxassislarning mahorat darslari tashkil etiladi. Shuningdek, dasturdan O‘zbekistonning yetakchi vinochilarining hamda qo‘shma korxonalarning taqdimotlari va degustatsiyalari, nodir vinolarni sotish bo‘yicha auksionlar o‘rin olgan.
Mazkur tadbir Turizm qo‘mitasi va Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Tadbirdan maqsad sayyohlar oqimini ko‘paytirish, uzumchilik va vinochilik sohasida o‘zaro tajriba almashish, ekoturizm mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish, respublikaga xorijiy sarmoyalarni jalb etishdan iborat, deyiladi qo‘mita xabarida.