Zominda yangi aeroport ochildi

E’lon qilingan sana· 901
Zominda yangi aeroport ochildi

1-sentabr kuni Jizzax viloyatining Zomin shahrida 30 yo‘lovchiga mo‘ljallangan terminalga ega aeroport foydalanishga topshirildi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabar berdi.

Aeroport ochilish kuni Toshkentdan LET L-410 samolyoti, Samarqanddan Pilatus PC-24 biznes-jeti parvoz qildi.

“Zomin — ulkan turizm salohiyatiga ega hudud. Bu yerda turizm rivojlanishning asosiy omillaridan biri sifatida qaraladi”, — deydi viloyat hokimi Ergash Saliyev.

Aeroport qurilishi 27-iyul kuni boshlangan. Uning hududi 60 gektarni egallaydi. Bu yerda uzunligi 1200 m asfaltdan iborat uchish-qoʻnish yoʻlagi qurildi, boshqaruv minorasi mavjud. Yo’lovchi terminali esa 30 kishiga mo’ljallangan.

7-sentyabrdan boshlab esa Uzbekistan Airways Zominga muntazam qatnovlarni yo’lga qo’ymoqda.

HY1001/1002 qatnovlari har kuni quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:

  • Toshkent — Zomin — Samarqand;
  • Samarqand — Zomin — Toshkent.

Bir tomonlama aviachipta narxi 105 000 so‘mdan boshlanadi. Aviachiptalarni www.uzairways.com rasmiy saytida, UzAirways ilovasi orqali, shuningdek Uzbekistan Airways Sales filialida xarid qilish mumkin.