See you in sands: Qizilqum cho'llarida "Stixiya" musiqiy eko-festivali qanday o'tdi?

E’lon qilingan sana· 1 810
See you in sands: Qizilqum cho'llarida "Stixiya" musiqiy eko-festivali qanday o'tdi?

Afisha.uz "Stixiya" – ekologik madaniyat va yoshlar turizmini rivojlantirishga qaratilgan elektron musiqa festivalidan reportaj tayyorladi.

31-avgustdan 3-sentyabrga qadar “Stixiya” — elektron musiqa va san’at festivali Navoiy viloyati, qadimiy Buxoro shahri va To‘dako‘l suv ombori yaqinidagi cho‘l yerlarida jarang sochdi.

Tadbirdan asosiy maqsad — O’zbekistonda elektron musiqani rivojlantirish va yoshlar turizmi oqimini oshirish barobarida mavjud ekologik muammolarga jamoatchilik e’tiborini qaratish hamda yoshlarda ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan.

Festival Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi, Buxoro va Navoiy viloyatlari hokimliklari ko’magida tashkil etildi.

Tashkilotchilarning so’zlariga ko’ra, Mo‘ynoqqa bo‘lgan cheksiz mehrni saqlab qolgan holda, “Stixiya” boshqa hududlarda ham turizmni rivojlantirish maqsadida yangi joyni tanladi.

“Stixiya” elektron musiqa va san’at festivali bu yil beshinchi marta o‘tkazilmoqda. Festivalning bu gal Qizilqum cho‘llarida o‘tkazilishining asosiy sababi ichki turizmni rivojlantirishdir. 3−4 oy butun O‘zbekistonni aylanib, o‘g‘lim bilan To‘dakulga dam olish uchun kelganimda shu joyni tanlagandim. Cho‘l, dasht joy “Stixiya"ni o‘tkazish uchun eng ma’qul variant. Uning lokatsiyasi o‘zgargani bilan Mo‘ynoq chetda qolib ketmadi, u yerga biz 2024-yilda yana qaytamiz. Chunki “Stixiya” Mo‘ynoqda tug‘ilgan, uning “propiska"si Mo‘ynoqda”, — deydi festival bosh prodyusseri Otabek Sulaymonov.

Ma’lumotlarga asosan, tadbir start berilguniga qadar 2000 mingga yaqin chipta sotilgan, undan so‘ng ham qatnashish istagini bildirganlar kelishda davom etgan.

Mazkur festival doirasida mahalliy va xorijlik sayyohlar Buxoro viloyatining turizm salohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo’lishdi. Festival asosan kechki dasturlardan iborat bo’lgani sababli, kunduz kunlari turli tarixiy-turistik majmualarda sayr qilish — “Stixiya"ga tashrif buyurganlar uchun yaxshi imkoniyat bo’ldi.

DJ Ochil

Festivalning eng asosiy yo’nalishi elektron musiqa ekan, dasturdan ko’plab iste’dodli didjeylar, ijodiy guruhlarning chiqishlari o’rin oldi. Ular orasida Abadir (Misr), Acell (Qozog'iston), Derrick May (AQSh), Edige (Qozog'iston), Josef Tumari (O'zbekiston),Ishome (Rossiya), Matthew Dekay (Niderlandiya) DJ Ochil (O'zbekiston) va boshqalar bor edi.

Ta’kidlanishicha, festival 3000dan ortiq mahalliy va xorijiy sayyohlarni birlashtirgan bo‘lib, ulardan 1400 nafari Germaniya, Fransiya, Qozog‘iston va Rossiyadan kelgan.

2023-yildagi festivalning eng muhim jihati — dunyo bo’ylab kuzatilayotgan ekologik muammolarga o’zgacha nazar tashlagan holda e’tiborni qaratish edi. “Yolg'iz astronavt”, “Virtual bog'”, “Chiqindi daraxti” singari turfa xil installyatsiyalar shular jumlasidan.

Yolg’iz astronavt installyatsiyasi

“Suv masalasi bizda eng muhimlaridan biri. Shuning uchun ham virtual bog‘ paydo bo‘lgan joyga metafora sifatida qarash kerak, cho‘lda bog‘ tug‘ilsa, ana o‘sha bizning maqsadimiz”, — deydi tadbir bosh prodyusseri.

Virtual bog'

Tadbir doirasida tashkil etilgan Upcycling burchagida eski kiyimlarni qayta ishlab tayyorlangan yangi libos va suvenirlar o’rin oldi. Shuningdek, festival davomida turli millat vakillarining etno-o'yinlari, sport musobaqalari, taom tayyorlash bo’yicha mahorat darslari va boshqa ko’ngilochar dasturlar bo’lib o’tdi.

Chiqindilarni noto‘g‘ri joylarga tashlash bilan bog‘liq ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, ekologik madaniyatni yuksaltirish va boshqa jihatlarga alohida urg’u berildi. Shu maqsadda festival tashkilotchilari tomonidan hudud bo‘ylab maxsus chiqindi qutilari o‘rnatildi.

Ekobloger “O‘rikguli” (Mo‘tabar Xushvaqtova) bu turdagi festivallar ko’proq o’tkazilishi kerakligini, chunki bunga xalqaro tashkilotlar, OAV e’tibori qaratiladi, bu esa turistik salohiyatni oshiradi, mahalliy ijodkorlar (musiqachilar, rassomlar, haykaltaroshlar)ning ko‘rgazmasini o‘tkazishi uchun qulay maydon yaratilishini alohida ta’kidladi.

Mo’tabar Xushvaqtova

“Festivalning asosiy maqsadlaridan biri ekologik muammolarga e’tibor qaratishdir, aslida. Bu yil chiqindilarni saralashga, hamma joyda ekologik eslatmalar bo‘lishiga harakat qilyapmiz. Shuningdek, 3 ta installyatsiyamiz — temirdan qilingan daraxtlar bor. Majnuntol shoxlariga qattiq chiqindilar ilinadi, chinor shoxlariga paket va nam sochiqlar bog‘lanadi, terakka esa baklajkalar osiladi. Shu orqali festival yakunida qancha chiqindi chiqarayotganingizning masshtabini ko‘rasiz”, — deydi u.

Ekoblogerning ta’kidlashicha, odamlarni chiqindi saralashga undash juda qiyin masala. Hattoki, tortishib qolayotgan paytlari ham bo‘lyapti. Biroq, asosiysi, bu bosqich boshlandi, deydi u va zanjir reaksiyasi orqali bir-biridan eshitib bo‘lsa ham qanchadir foiz odamlar chiqindini saralashiga ishonishini bildirdi.

“Saralangandan keyin, baribir, hammasini bitta mashinada olib ketishadimi, deb so‘rashyapti. Yo‘q, biz mahalliy ishchilar bilan birga qilyapmiz. Ular chiqindilarni olib ketganidan so‘ng u yerda yana saralashadi va 4 ta chiqindi — alyuminiy, plastik, organik va qog‘ozga ajratishadi. Qog‘ozni sotishadi, organikani hayvonlarga beramiz, agar bo‘lmasa, chuqur qazib, ko‘mamiz. Barchasi o‘ylangan, umid qilamanki, 40 foiz bo‘lsa ham natijaga erishamiz”, — deydi u.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Sato guruhi rahbari Toir Qo‘ziyevning ta’kidlashicha, festivalni tashkil etish uchun yaxshi joy tanlab olingan, yoshlar va ijodkorlar uchun ham ekstrim hudud. Bunday amaliyot jahon festivallarida ko‘p uchraydi.

“Stixiya"da biz uchinchi marta ishtirok etyapmiz. Unda nafaqat elektron musiqa ijodkorlari, balki to‘quvchilar, hunarmandlar ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Bunday tadbirlar ko‘p bo‘lishi, yoshlarni ko‘proq jalb qilish kerak. Biz Alen ismli elektron musiqachi yigit bilan tajriba qildik. Ya’ni milliy ohang elektron musiqa bilan uyg‘unlashadi va tabiatimizga, iqlimimizga mos bo‘lgan ohanglar yangraydi”, — deydi Toir Qo‘ziyev.

Toir Qo’ziyev ijtimoiy tarmoqlarda ko’p uchragan tanqidlar haqida ham to’xtalib o’tdi.

“Hamma narsaning o‘z chegarasi bor. Gap festivalning yomon-yaxshiligida emas, menimcha, odamlarning yaxshi-yomoni bo‘ladi. 50−100 kishining ichidagi 2 nafar odamning qilig‘i butun festivalni yomonga chiqarishi kerak emas. Bu yerda tashkilotchilar ham bunday holatlarga e’tiborliroq bo‘lishi kerak, ishtirokchilarda ham me’yor bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, chetdan biz g‘arbdan o‘zimizga zid bo‘lgan madaniyatni olayotgandek ko‘rinishimiz mumkin, lekin unday emas. Shuning ichidan o‘zimizga keraklisini olamiz. Festivalni umuman yo‘qqa chiqarish o‘sib kelayotgan daraxtni kesish bilan teng, undagi qurib qolgan, yomon shoxini kesib tashlash, ya’ni noto‘g‘ri joyini olib tashlash mumkin”, — dedi u.

Ma’lumot uchun, bu galgi “Stixiya” festivali beshinchisi hisoblanadi. 2018-yildan boshlab festivalga Qoraqalpog’iston Respublikasining Mo’ynoq shahri mezbonlik qilib kelgan. Bu orqali jahon hamjamiyati eʼtiborini ekologiya muammosiga, xususan, Orol dengizi qurishiga qaratish, shuningdek, mamlakatimizda rivojlanayotgan cho‘l turizmi yo‘nalishida sayyohlar oqimini oshirish va mahalliy aholini qo’shimcha daromad bilan ta’minlash maqsad qilingan.

Nozima Xoshimova
Muallif
Nozima Xoshimova
Shohruh Haydarov
Fotosuratchi
Shohruh Haydarov