Toshkentda Respublika bolalar kutubxonasi ochilmoqda
Toshkent shahrida 31-avgustdan Respublika bolalar kutubxonasi ish boshlaydi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.
Kutubxonada 31-avgust kuni ochilish marosimi hamda ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Qayta ta’mirlash ishlari mobaynida u kengaytirilib, javonlarga yana 21 ming kitob qo‘shildi. Bunda alohida e’tibor ilm-fan, san’at va me’morchilikka oid kitoblar saralamasiga qaratildi.
Ma’lumot uchun, kutubxona binosi XIX asr oxirlarida qo‘qonlik tadbirkor aka-uka Vadyayevlar tomonidan qurilgan. O‘tgan asrning 60-yillarida Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasining O‘smirlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi Vadyayevlar qarorgohidagi kutubxona binosiga ko‘chiriladi, keyinchalik u to‘liq Respublika bolalar kutubxonasi tasarrufiga berilgan.