"Shu kunlarda ololmayapman to‘yib nafas": Konsta "Havo" nomli qo‘shiq va klipini taqdim etdi
Hozirda O‘zbekistonning eng oldi repperlaridan biri, turli ijtimoiy mavzular haqida sermahsul ijod qilib kelayotgan Konsta (Sharif Abdullayev) 25-iyun kuni o’zining yangi “Havo” nomli qo’shiq va klipini taqdim etdi.
“Havo” — O’zbekistonda kuzatilayotgan ekologik muammolar va ularga befarq bo’layotgan jamiyat haqida.
“Shu kunlarda ololmayapman to’yib nafas” — iborasi qo’shiqda qayta-qayta takrorlanadi. Afisha.uz muharriri bilan suhbatda Konsta ushbu iborga alohida e’tibor berilganini ta’kidladi.
“Bu juda oddiy gap, lekin nafas olgandan keyin, orada bir to’xtab, qandaydir nafasni rostlab olishga to’g’ri kelayotgani uchun ushbu iborani qo’shiqda takroran eshitasiz. Chunki shunchaki nafas olib yurganda, odam nafasga to’ymaydigandek bo’lib qoldi hozirgi kunda. Chang sababli o’zim shunday nafas olaman”, — deydi u.
Klip kartinasida quruqlik, chang va loyqa ranglariga urg’u berilganini ko’rish mumkin. Uylarning tinimsiz ravishda qurilishi, daraxtlarning kesilib borilishi, shahar “go'yo qafasdek” bo’lishi, odamlar uchun havo bo’lmasa ham, to’ylarni o’tkazishga e’tibor berishi — qo’shiqning asosiy konsepsiyasini ochib beradi.
Shuningdek, Konsta kuylayotgan qismlarida suvga to’layotgan rezervuar va borgan sari nafas olish qiyinlashishi aks etgan kadrlarni ham ko’rish mumkin. Ijodkor Afisha.uz bilan suratga olish jarayonidan eklyuziv videotasvirlar bilan ham bo’lishdi.
Qo’shiq va klip g’oyasi o’zimga tegishli, lekin har doim shu mavzularda bosh qotiradigan do’stim bor. U bilan oldin boshqa trek yozilgan, keyin mana shu chang haqida, havoning iflosligi haqida gaplashib qolib, aynan shu mavzular haqida yana bir fikrlarim yangilanib, brainstorming bo’ldi", — deya qo’shimcha qildi Konsta.
“Bu o’zbek tilidagi ekologiya haqida birinchi ijod namunasi bo’lsa kerak. Eshiting, xulosa qiling”, — deb yozadi eko-bloger Mo’tabar Xushvaqtova (Urikguli).
Klipni YouTube platformasida tomosha qilish, qo’shiqni esa Yandex Music`da tinglash mumkin.