"Wall Street`ni zabt etgan o'zbek ayoli": Tamilla Kurbanovaning seminari qanday o'tdi?

E’lon qilingan sana· 809
"Wall Street`ni zabt etgan o'zbek ayoli": Tamilla Kurbanovaning seminari qanday o'tdi?

9-iyun kuni Intercontinental mehmonxonasida Tamilla Kurbanovaning “Shaxsiy moliyani to’g’ri boshqarish va investitsiya qilishni boshlash” mavzusidagi maxsus yopiq seminari bo’lib o’tdi. Afisha.uz muxbiri tadbirda mehmon bo’lib, kichik reportaj tayyorladi.

Tadbir tanishtiruv videosi bilan boshlandi va unda Tamilla Kurbanova — 20 yillik xalqaro tajribaga ega moliyachi, Ilon Mask, Donald Tramp singari dunyo milliarderlari o‘qigan Pensilvaniya universiteti qoshidagi Wharton Business School bitiruvchisi va Wall Street`da 10 yillik tajribaga ega mutaxassis ekanligi haqida ma’lumot berildi. U yillar davomida Morgan Stanley va UBS Investitsiya banklarida aksiya sotuvchisi bo‘lib faoliyat yuritgan. Shuningdek, u o’zining Instagram sahifasida moliya, investitisiya, xarajatlar singari mavzular haqida ham faol ravishda ma’lumotlar berib keladi.

“Men yoshlik paytimda aynan Wall Streetda ishlayman, o’z faoliyatimni dunyoga dong’i ketgan joyda oboraman deb hech qachon o’ylamagan edim. Bilasizmi, „The world is my oyster“ („Barchasi sening qo’lingda“ — tahr.) iborasini juda yoqtiraman. Chunki agar sidqidildan harakat qilinsa, o’z ustida ishlansa va o’ziga bo’lgan ishonch mustahkam bo’lsa, barchasini uddalash mumkin”, — deydi Tamilla Kurbanova.

“Ayol kishi ham oilada, ham biznesda muvaffaqiyatga erisha oladi, agarda vaqtini to’g’ri taqsimlay olsa, prioritet masalasiga to’g’ri e’tibor bersa”, — deya qo’shimcha qildi u.

AQShda uzoq vaqtdan buyon istiqomat qilib, so’ng O’zbekistonga qaytgan Tamilla Kurbanova musofirchilik davridagi o’zining xotiralari, ingliz tilida muloqot qilishga ko’nikib qolgan inson o’zbek tilini qaytadan o’rgangani, moliya sohasida boshidan kechirgan qiyinchiliklari haqida ham to’xtalib o’tdi.

“O'zbek tilini rosti qaytadan o’rganyapman, oson deya olmayman. Hozirda meni oldinga undayotgan masala ham shu — shaxsiy moliya, investitsiya va passiv daromad haqidagi ma’lumotlar o’zbek tilida juda oz va bunday mavzular aynan o’zbek tilida kamdan-kam yoritiladi. Mazkur tadbirga uzoq vaqtdan beri tayyorlanib keldim, ko’nglimdagidek o’tganidan juda mamnuman. Shaxsiy moliyani to’g’ri boshqarish mavzusini targ’ib qilish, uni to’g’ri o’rganish juda muhim”, — deydi u.

Uning seminari shaxsiy moliyani boshqarishdagi yuzaga keladigan xatolardan xalos bo’lish va yaqin 5 yil ichida xarajatlarni qoplaydigan passiv daromad manbaini yaratishni o’rgatish masalalarini o’z ichiga olgan.

Seminar ikki qismdan iborat edi:

  1. Shaxsiy moliyani to’g’ri boshqarish — spikerning ta’kidlashiga ko’ra, bu “Sizda hamisha pul bo’lishi lozim” degan iboraning mohiyatini o’z ichiga olgan.
  2. Investitsiya qilishni boshlash (moliayaviy erkinlikka erishish).

Seminar davomida Tamilla Kurbanova har bir mavzu uchun to’xtalib o’tar ekan, misollarni keltirish uchun mehmonlar bilan o’zaro muloqot qilardi. Chunki ishtirokchilarning asosiy qismi aynan tadbirkorlik sohasida o’z o’rnini topmoqchi bo’lgan va allaqachon o’z faoliyatini boshlab bo’lgan insonlar bor edi.

Shuningdek, passiv daromadning o’ziga xos jihatlari, nima uchun shaxsiy moliya masalasida unga urg’u berish kerakligi, Time management (vaqtni to’g’ri taqsimlash) singari mavzular haqida ham so’z yuritildi. Barchasi amaliy misollar orqali tasvirlab berildi.

Tadbirga o’zbek media olamidagi mashhur shaxslar, jamoat faollari, blogerlar tashrif buyurishdi. Shuningdek, maxsus so’rovnomadan o’tib, seminarda bepul ishtirok etish imkoniyatini qo’lga kiritganlar ham ko’p edi.

Tadbir yakunida mavzular bo’yicha o’zaro savol-javob va muhokamalar bo’lib o’tdi.

Nozima Xoshimova
Muallif
Nozima Xoshimova
Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin