Inkuzart Orol dengizining qurib qolgan tubida tinchlik ramzini chizdi
Toshkentda ko‘plab graffitilar bilan tanilgan rassom Inkuzart yana bir asarini taqdim etdi. Rassom Orol dengizining qurigan tubidagi Mo‘ynoq yoniga diametri 100 m bo‘lgan tinchlik ramzini chizib, uning qatoriga ming tupdan ortiq saksovul ko‘chatlarini o‘tqazdi.
Tinchlik ramzi greyderlar yordamida qumga “chizilgan”. Ijodkor “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida o‘zining yangi loyihasi bilan nima demoqchi ekanini aytib o‘tdi: “Orol dengiziga tinchlik va madad yor bo‘lsin. Bu bir paytlar bizga kerak bo‘lgan bo‘lsa, endi Orol dengiziga kerak”.
Inkuzart oʻzining “Tinchlik boʻlsin” deb nomlangan ishiga imzo chekib, uning joylashuvi koordinatalarini koʻrsatgan: 43°47'23"N 59°02'31"E.
Rassom hech kimdan moddiy yordam so‘ramaganini, faqat Tabiiy resurslar vazirligidan ruxsat olganini aytdi. “Men buni amalga oshirish uchun pul yig’dim”, — dedi u.
Shuningdek, Inkuzart Mo‘ynoqdagi kema qabristoni yoniga lavha o‘rnatib, unga saksovul Mo‘ynoqni qutqaradi, degan bayt bitilgan. She’r muallifi, rassomning aytishicha, uning do‘sti.