Yandex Go O‘zbekistonda safarlarni sug‘urtalashni yo‘lga qo‘ydi
Yandex kompaniyasi O‘zbekistonda taksida harakatlanayotgan yo‘lovchilar va haydovchilarni sug‘urtalash dasturini ishga tushirdi. Baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan taqdirda, avtomashinada jabrlangan har bir yo‘lovchi yoki haydovchiga 101 880 810 so‘mgacha tovon puli to‘lanadi.
Yandex Go O‘zbekistonda o‘zining qo‘shimcha sug‘urta tizimini yaratgan birinchi onlayn platformaga aylandi. Biz mamlakatda xizmatni rivojlantirish doirasida Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ushbu tashabbusni taklif qildik. Qonun doirasida bunga majburiyatimiz yo‘q, lekin biz foydalanuvchilar va haydovchilar o‘zlarini himoyalangan his qilishlarini istaymiz, — deb o‘rtoqlashdi Yandex Go‘ning O‘zbekistondagi matbuot xizmati.
Yangi funksiyani alohida yoqishning hojati yo‘q — sug‘urta avtomatik ravishda Yandex Go xizmati orqali band qilingan barcha sayohatlarga qo‘llaniladi. Voqea sodir bo’lgan taqdirda, yo’lovchilar va haydovchilar ilova orqali Yandex qo’llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilishlari kerak. Ular safarni sug‘urtalagan kompaniya telefon raqamlari va nima qilish kerakligi haqida batafsil ko‘rsatmalar olishadi.