Bulgari O'zbekistonda: Antuan Pan bilan "Afisha"ning eksklyuziv intervyusi

E’lon qilingan sana· 725
Bulgari O'zbekistonda: Antuan Pan bilan "Afisha"ning eksklyuziv intervyusi

2-fevral kuni Rimda, via Kondotti`dagi tarixiy Bulgari butikida yangi zargarlik soatlarining yopiq taqdimoti bo’lib o’tdi.

Turli mamlakatlardan kelgan yigirma nafar jurnalistga, jumladan Afisha.uz muharririga o‘nta yorqin italyancha yangiliklar namoyish etildi. Bulgari nima uchun O‘zbekiston bozoriga kirishga qaror qilgani, Rimdagi mashhur zargarlik uyi bilan tanishishni nimadan boshlash kerakligi va Bulgari soatlarini tanlagan ayollar nimasi bilan ajralib turishi haqida Bulgari soatlar bo‘limi rahbari Antuan Pan so‘zlab berdi.

Antuan, birinchi navbatda, biz uyni, siz bilganingizdek, soatlar yaratishdan boshlangan mashhur Serpenti kolleksiyasining 75 yilligi bilan tabriklamoqchimiz. Ko’p yillar davomida Bulgari “ilonlari” butun dunyo ayollarining orzusi edi… Serpenti soatlari oilasi qanday ketayotgani, uning cheksiz metamorfozalarining yangi yo’nalishlari qanday ekanligini aytib bera olasizmi?

— Joriy kolleksiyada biz cheksizlik mavzusini ochib bermoqchimiz. Cheksizlik muhim, u kelajakka ilhomlantiradi va biz hozir ishlatadigan texnika bizga cheksiz tarzda yangiliklar yaratish imkonini beradi. Serpenti 75 yoshda, bu 75 yil ijodkorlik demakdir. 75 yil o’tgach, xuddi boshqa hech narsa o’ylab topib bo’lmaydigandek ko’rinadi. Ammo yangi texnologiyalar yordamida biz ijod olamiga yana bir bor eshik ochmoqdamiz.

Spiral bilaguzuk ko’rinishiga ega bo’lgan afsonaviy tubogas texnikamiz mantig’iga asoslangan holda biz mohirona dizayn yechimlarni topdik — “yurakni” yupqa trubka bilan o’rash emas, balki Bulgari`ni mashhur qilgan modulli zargarlik buyumlari texnikasida bog’lashga qaror qildik.

Barcha tashqi o’xshashliklarni saqlab qolgan holda biz endi bilaguzukni ilgari qo’yilmagan toshlar bilan bezatish imkoniyatiga ega bo;ldik. Shuning uchun biz cheksizlik mavzusi haqida gapirmoqdamiz. Bizning ilonimiz o’z rivojlanishida yangi bosqichga chiqmoqda. Biz ko’plab ijodiy zargarlik soatlarini yaratmoqchimiz.

Yuqori diddagi zargarlik soatlari modelini yaratish haqida qiziqarli faktlar bilan o’rtoqlasha olasizmi? G’oyaning paydo bo’lishidan boshlab, uni amalga oshirishgacha bo’lgan jarayon qancha davom etadi? Boshqa brendlar bilan solishtirganda, Bulgari brendining ijodiy jarayonida o’ziga xos jihat bormi?

— Asosiy masala ijodni qanday boshqarayotganingiz. Boshlanishiga sizga juda iste’dodli odam kerak: bizda ajoyib ijodiy direktor Fabritsio Buonamas bor, u favqulodda o’ziga xos va daho inson. Keyinchalik, dahoga ilhom kelishi uchun joyni to’g’ri tanlay olish kerak. U juda keng yoki juda tor bo’lmasligi kerak. Katta cheklovlar, chegaralarning yo’qligi kabi ijodkor odamni sermahsullikdan ushlab turadi, u qaysi yo’nalishda harakat qilishni bilmay qolishi mumkin.

Gap Bulgari`ning o’yin maydonini aniqlab olishdir. Va keyin hamma narsa ushbu chegarau doirasida quriladi. Agar bu chegaradan chiqilsa, brend o’zini yo’qotadi, chunki bu endi Bulgari hududi bo’lmay qoladi, boshqa brendlarga o’xshash narsalarni yaratish xavfi paydo bo’ladi. Chegaralar ichida qolish juda muhim, shunda shaxsiy o’lcham doirasida o’sish mumkin. Boshqacha o’ylaysiz, yuqoriga, yuqoriga va yana yuqoriga ko’tarilib boraverasiz. Shu yerda yangilik paydo bo’ladi, bu haqiqiy ijodkorlikdir.

Biz yangi texnikalar o’ylab topamiz, lekin biz doimo Bulgari bo’lib qolamiz. Va shuning uchun biz uchun innovatsiyalar juda muhim — bu bizga ushbu paradoks bilan o’ynashga: ya’ni belgilangan chegaralar doirasida cheksizlik yaratish va shu bilan birga sizni hayratda qoldirishga imkon beradi. Shuning uchun ham yangi reklama kampaniyasi “Kutilmagan mo‘jizalar” deb nomlanadi. Biz mo’jizalar yaratmoqdamiz.

Siz bir vaqtning o’zida hayratlansangiz va xursand bo’lsangiz: “Voy, bu haqiqiy Bulgari’ku!” deb qo’yasiz, ana shunda men muvaffaqiyatga erishganimizni tushunaman.

Bulgari soatlarini va ayniqsa, yuqori diddagi zargarlik buyumlarini taqqan ayol qanday bo’ladi? Uning portreti qanday? Bu obrazo’zgaradimi?

— Keling, siz bilan kichik tajriba o’tkazamiz.

Antuan Pan mening bilagimga ko’p olmosli ko’zni qamashtiruvchi oltin Serpenti Tubogas Infinity soatini taqdi.

— Va endi men endi sizga savol beraman: uni yashirishni xohlaysizmi? Masalan uni kiyimingizning yengi bilan to’sib qo’yasizmi?

— Yo'q, mutlaqo yo’q! Men ularga ko’rsatishni xohlayman.

— Siz ularni namoyish qilishni xohlaysiz, to’g’rimi? Bu boshqa birovning fikridan qo’rqmaydigan, o’ziga ishongan ayollar uchun yaratilgan soat. U bu soatni zavq bilan taqadi, u o’zi haqida dunyoga e’lon qilishni xush ko’radi va u buni yashirmoqchi emas.

Darvoqe, bu jins yoki yoshga bog’liq emas. Bulgari mijozlari — bu kuchli mentalitetga ega, o’ziga ishongan, o’z fikriga ega odamlar, ular yetakchilardir. Ular 20, 30 va yanada yuqori yoshda bo’lishlari mumkin.

Bu juda chiroyli, men uni taqib yurishni, ko’rsatishni xohlayman. Bu ayollarga juda xos. Shu bilan birga, hozir qancha ayollar ichida qanday mexanizm borligini bilishni xohlashadi?

— O, bu yaxshi savol. Har bir ayol ham emas. Ammo shu bilan birga, ichida nima borligiga qiziqadigan ayollar uning mexanizmidan mamnun bo‘lishini istaymiz.

Biz murakkab mexanizmlarni tobora ko’proq joriy qilmoqdamiz, ayollar uchun mexanikani ishlab chiqayapmiz. Bu biz uchun muhim.

O‘zbekistonda nufuzli doiradagilarning fikriga ishonish odat tusiga kirgan. Soatlaringiz orasida kolleksiya qilishni boshlash uchun biorta soatni tavsiya qila olasizmi?

— Bu qiyin savol. Men Bulgari butikiga birinchi marta kelgan odamlar haqida tez-tez o’ylab turaman. Odatda ular nima maqsadda ketayotganliklarini bilishmaydi, bu o’ziga xos sayohat.

Tasavvur qilaylik, siz Bulgari olami bo’ylab sayohatga kirishdingiz. Aytaylik, siz yoshsiz, ko’p pulingiz yo’q, lekin siz Bulgari sotib olishni xohlaysiz. Keyin kolleksiyangizni boshlash uchun birinchi soat, ehtimol Bulgari Bulgari Watches bo’lishi kerakdir.

Antuan o’zining yangi BULGARI BULGARI xLISA soatini namoyish etdi. BULGARI BULGARI — diqqatga sazovor, ramziy kolleksiyadir, bir necha yildan so’ng biz uning 50 yilligini nishonlaymiz. Bu dunyoga mashhur koreys qizlardan iborat Black Pink guruhi a’zosi Liza bilan hamkorlikda chiqarilgan yangi model.

— Zamonaviy, sodda, ko’p qirrali va ayni paytda cheksizlikni ifodalaydi. Butun umringiz davomida taqishingiz mumkin bo’lgan soat italyan dizayni kuchi tufayli o’z dolzarbligini doimo saqlab qoladi.

Octo Finissimo kolleksiyasidagi Bulgari erkaklar soatlari ketma-ket o’n yil davomida barcha mexanik toifalarda yupqalik bo’yicha rekordlarni yangilab kelmoqda. Shu bilan birga, siz rekordlar o’z-o'zidan asosiy maqsad emasligini aytdingiz. Ijodkorlar uchun bu orzu hisoblanadi. Antuan Pan 2023-yilda nimani orzu qilmoqda?

— Aynan shu haqda avvalroq gapirgan edim. Siz qanchalik baland ko’tarilishingiz mumkinligi haqida hech qanday chegara yo’q. Misol uchun, men kreativ direktorimiz Fabritsio bilan gaplashganimda, u ertangi kun har doim aqlliroq bo’ladi va shuning uchun ham kelajak qiziqarliroq bo’lishi kerak, deb javob beradi.

Agar siz innovatsiyalar haqida o’ylasangiz, bu sayohatning oxiri yo’q. Bizda juda ko’p g’oyalar, texnik qiyinchiliklar, fantaziyalar mavjud. Va har safar men: biz buni qila olamizmi? deb so’rayman. Va men o’zimga: ehtimol, iloji yo’qdir, deb javob beraman. Va Fabritsio menga: nega iloji yo’q ekan? deydi. Va keyin biz nega endu urinib ko’rmasligimiz kerak deya muhokama qilishni boshlaymiz.

Bugun dunyo tez o’zgarmoqda. Va odamlar ko’pincha barqarorlikka muhtoj. Doimiy, abadiy narsalarga muhtoj. Biz shu tayanchga aylanishni xohlaymiz. Bulgari — o’ziga xos brend va hammaga yoqishni maqsad qilmaydi, lekin odamlar bizni izchilligimiz uchun ham hurmat qilishadi.

Men ideal soatni orzu qilaman, lekin u kvarts bo’lishi mumkin emas. Kvarts ekologik jihatdan qulay emas va shuning uchun tabiatning abadiy sovg’asi bo’lgan qimmatbaho toshlar bilan ideal tarzda birlashtirib bo’lmaydi. Mexanik kalibrlar asrlar davomida xizmat qilishi mumkin. Ammo ular bir necha yillik quvvat zahirasi va yuqori aniqlik bo’yicha kvartsdan qanday qilib o’zib ketishi mumkin? Mana shu holat izlanish talab etadi. Balki hozir uddalay olmasmiz, lekin bir kun kelib biz buni qilamiz.

Umuman G‘arbiy Yevropa ayollari bilan Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo ayollarining afzalliklari o‘rtasida katta farq bormi?

— Hozir butun dunyo bo‘ylab odamlar ma’lumotga ega bo’lishda katta imkoniyatlarga ega — ular ham ma’lumot almashmoqda, muloqot qilishmoqda. Global miqyosda Bulgari soatlariga qiziqish ham xuddi shunday.

Lekin, albatta, ba’zi kamchiliklar bor bor. Misol uchun, sariq oltin AQShda, Afrikada juda mashhur, ammo Yaqin Sharqda emas va Xitoyda emas. Ammo Serpenti kolleksiyasi butun dunyoda mashhur.

Asosiy farqlar yoshga bog’liq, lekin geografiyaga emas. Z avlodining ta’bi millenniallarnikidan juda farq qiladi, ularning ta’bi ham o’z navbatida X avlodinikidan farq qiladi.

O‘zbekistondagi birinchi Bulgari soatlar do‘koni 2022-yil kuzida ochildi. Nega bizning bozorga kirishga qaror qildingiz? Birinchi taassurotlaringiz qanday? Ushbu bozorning ba’zi xususiyatlarini qayd etishga ulgurdingizmi?

— Birinchi savolga javobim: nega endi yo’q? Biz, aynan soatlar bo’limi, brendning ambassadorlari hisoblanamiz. Biz o’z brendimizni yaxshi ko’ramiz va u hamma joyda mashhur bo’lishini xohlaymiz. Turli mamlakatlarda vakillik tashkil qilish — katta faxr.

O‘zbekistonda Bulgari burchagi borligidan juda xursandmiz, bizning ishlarimizga qiziqish va u qanday rivojlanayotganini ko‘ryapmiz. Biz bu jarayon boshlanganidan juda mamnunmiz, biz ajoyib istiqbollarni ko’rmoqdamiz va bu yerda bizni qiziqarli kelajak kutmoqda deb umid qilamiz.

Afisha.uz tahririyatining LVMH zargarlik soatlarining yangi kolleksiyasining matbuot taqdimotiga tashrifi Bulgari brendining O‘zbekistondagi rasmiy vakili — Premier butigi ko‘magida tashkil etildi.

Muallif
Gala Sapayeva