Oʻzbekistonda xalqaro anʼanaviy tasviriy va amaliy sanʼat festivali boʻlib oʻtadi

2025-yilning 21−25-aprel kunlari O‘zbekistonda an’anaviy tasviriy va amaliy san’atga bag‘ishlangan xalqaro festival bo‘lib o‘tadi. “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot” yiliga bag‘ishlangan tadbir Badiiy akademiyasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar ko‘magida tashkil etilmoqda.
Tadbir oldidan 15-aprel kuni Badiiy akademiyada matbuot anjumani tashkil etilib, festival dasturi taqdim etildi. Tashkilotchilar festivalning asosiy maqsadlari madaniy merosni asrab-avaylash va ommalashtirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy almashinuvni rivojlantirish va san’at sohasida xalqaro aloqalarni mustahkamlash ekanini alohida ta’kidladi.
Festival Toshkent shahri, viloyatlar markazlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ko‘rgazma maydonlarini qamrab oladi. Dasturda oliy o‘quv yurtlari, kollejlar va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari talabalari tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar, mahorat saboqlari, madaniy-ma'rifiy tadbirlar, modalar namoyishi, ilmiy anjumanlar va ijodiy taqdimotlar o‘rin olgan.
Markaziy tadbirlardan biri “Turk dunyosi rassomlari ayollari” xalqaro koʻrgazmasi boʻlib, unda TURKSOYga aʼzo mamlakatlardan 21 nafar rassomning asarlari namoyish etiladi. Festival doirasida Kyomyung universiteti (Janubiy Koreya) Tasviriy san’at fakulteti professorlarining ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tadi.
An’anaga ko‘ra, “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy san’ati tanlovi g‘oliblari taqdirlanadi. Xorijlik mehmonlar uchun mamlakatimizning madaniy merosi va tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishish maqsadida Samarqand shahriga bir kunlik ekskursiya tashkil etiladi.
Festival tadbirlari Badiiy akademiyasi yurisdiksiyasidagi barcha ko‘rgazma maydonlarida: Markaziy ko‘rgazmalar zali, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyi, Toshkent Fotosuratlar uyi, Akademiya galereyasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabi, shuningdek, O‘zbekiston rassomlik galereyasida o‘tkaziladi.