Jadidlar nimalar haqida suhbatlashgan? "Jadidlar. Turkistonga maktublar" koʻzgazmasidan fotoreportaj

E’lon qilingan sana· 1 065
Jadidlar nimalar haqida suhbatlashgan? "Jadidlar. Turkistonga maktublar" koʻzgazmasidan fotoreportaj

18-iyul kuni Tashkent City Mall’da “Jadidlar. Turkistonga maktublar” nomli yangi multimedia koʻrgazmasi ochildi. Afisha.uz muharrirlari koʻrgazma ochilish marosimida qatnashdi va ichkaridan fotoreportaj tayyorladi.


Savdo markazida koʻrgazma boʻlishi, kamiga u jadidlar haqida boʻlishi sal gʻalatidek koʻrinishi mumkin, lekin zamonaviy koʻrgazma zamonaviy va qulay joyni talab qiladi. Tashkent City Mall’ning 1400 kv. metrdan ortiq maydonini egallagan “Jadidlar. Turkistonga maktublar” koʻrgazmasi binoning ikkinchi qavatida joylashgan. Uni topish qiyin emas, doʻkonlar qatorida qop-qora bir burchak paydo boʻladi, xuddi quyidagi suratdagidek.

17-iyul kuni koʻrgazmaning rasmiy ochilishi boʻlib oʻtdi. Unda fan doktorlari, mutasaddilar, “Umid” jamgʻarmasi stipendiatlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

Dastlab “Jadidlar. Turkistonga maktublar” nima haqida ekani tushuntirildi. Ta’kidlanishicha, undan maqsad keng jamoatchilik diqqat-e'tiborini Markaziy Osiyo tarixining muhim bobiga qaratishdan iborat. Koʻrgazmada bir nechta boʻlim bor.

Undagi materiallarni tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bahrom Irzayev toʻplagan. Tashrif buyuruvchilar xatlarni diqqat bilan oʻqisa / tinglasa, oʻsha davr ruhiyati, atmosferasi, tili, suhbat mavzulari va jadidlarning oʻylovlari haqida bilib olishi mumkin.

“Ko‘rgazmada jadidlar navqiron avlodining ong-shuurlari yo‘g‘rilgan g‘oyalari va sa’y-harakatlari zamonaviy o‘zbek jamiyatining shakllanishiga qanday xizmat qilganini ko‘rsatib beruvchi noyob tarixiy hujjat, buyum va ashyolar taqdim etilgan. Umid qilamanki, ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar 73 nafar talabadan iborat jadidlar avlodining mintaqamiz madaniy-ma'rifiy merosiga qo‘shgan hissasiga munosib baho berib, ularning bilim va yuksaklikka intilishlaridan ilhomlanadilar”, — deydi Bahrom Irzayev.

Koʻrgazmada jadidlar tarixi, ularning ma’rifat va milliy istiqlol yo‘lidagi orzu-umidlari mujassam etiladi. Ko‘rgazmada jadidlar davriga oid nodir arxiv materiallari: maktublar, maqolalar va fotosuratlar ham namoyish etiladi. Ularning aksariyati ilk bor jamoatchilikka namoyish qilinmoqda. Bu koʻrgazma boʻylab oʻrnatilgan ekranlarda namoyish etiladi va karnaylarda eshitirilladi.

“Yangi multimedia ko‘rgazma loyihasi jadidlar haqidagi ma’lumotlarni zamonaviy texnologiyalar orqali yoshlar uchun yangi, tushunarli va qulay shaklda qabul qilishga yordam beradi. Biz tarixni barcha avlod vakillari uchun ochiq va qiziqarli bo‘lishiga intilamiz toki tashrif buyuruvchilar jadidchilikning ahamiyati va uning zamonaviy dunyoga ta’siri haqidagi tasavvurlari boyisin”, — deydi Gayane Umerova, Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi.

Koʻrgazma loyihasi jadidlar haqidagi ma’lumotlarni zamonaviy texnologiyalar orqali yoshlar uchun yangi, tushunarli va qulay shaklda qabul qilishga yordam beradi.

“Jadidlar. Turkistonga maktublar” ko‘rgazmasi har kuni 10:00 dan 22:00 gacha ochiq bo‘ladi.

Payshanba kuni kirish bepul, qolgan kunlari 40 000 dan 60 000 soʻmgacha.

Mazkur koʻrgazmadan tayyorlangan fotoreportajni quyida tomosha qilishingiz mumkin.