Florensiyada "Oʻzbekiston: sahrodagi avangard” koʻrgazmasi ochildi

E’lon qilingan sana· 294
Florensiyada "Oʻzbekiston: sahrodagi avangard” koʻrgazmasi ochildi

Bugun, 16-aprel kuni Florensiyadagi Uffitsi galereyasi Pitti saroyining Oq zalida “O‘zbekiston: sahrodagi avangard” ko‘rgazmasining ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida Uffitsi galereyasidan doktor Yelena Markoni, loyiha rahbari Bobirmirzo Sayomov hamda ko‘rgazma kuratorlari va Ka Foskari universiteti qoshidagi Rus san’ati tadqiqotlari markazi (CSAR)dan Silvia Burini va Juzeppe Barbierilar ishtirok etdilar. Yigʻilganlar safida 20 dan ortiq xalqaro va oʻzbek matbuotining vakillari hozir boʻldi.

Ko‘rgazmaning “Nur va rang” nomli Florensiya qismi tashrif uchun 2024-yilning 16-aprelidan 30-iyuniga qadar ochiq bo‘ladi.

“O‘zbekiston: sahrodagi avangard” ko‘rgazma loyihasining Florensiya bo‘limi “Nur va rang” deb atalib, asosiy diqqat-e'tibor Turkistonda 1917-yilgacha ijod qilgan rus Sharq ixlosmandlaridan boshlab to madaniyatlararo muloqot va almashinuv natijasida Oʻzbekistonda shakllangan milliy rangtasvirchilik maktabi namoyandalari bilan yakunlangan XX asrning birinchi yarmi san’atidagi Markaziy Osiyo qiyofasiga qaratilgan.

XX asrning birinchi yarmidagi dramatik tarixiy jarayonlar asnosida Oʻzbekiston turli millat va ijodkorlik dunyoqarashlariga mansub rassomlar uchun hayot va ijod maskani, shuningdek, bitmas-tuganmas ilhom manbaiga aylanadi. Mintaqadagi badiiy paradigmalarning o‘zgarishi, umuman olganda, sovet san’atining davrlarga taqsimlanishiga to‘g‘ri keladi. Turkiston avangardi, deb nomlanuvchi (ko‘rgazma kuratorlari uning o‘rniga kengroq va inklyuziv bo‘lmish “Avanguardia Orientalis” atamasini taklif qilgan) hodisa sharqonalilik oʻrniga kelgan, asta-sekin va majburiy ravishda sotsialistik realizmning mafkuraviy koʻrsatmalariga javob beradigan rangtasvirga oʻrnini bo‘shatib beradi.

Shunga qaramasdan, o‘lka tabiati, me’morchilik va kundalik turmushni idrok etish va bo‘yoqlarda yetkazish uchun zarur bo‘lgan “nur va rang"ning tasviriy madaniyati san’atdagi turli-tuman g‘oyalar orqali taraqqiy etib, mazmunan yanada boyitilib boradi.

“Nur va rang” ko‘rgazmasida mazkur mavzularga turlicha yondashuvlarni namoyish etuvchi rangtasvir asarlar taqdim etilgan. Rassomlarning “Avanguardia Orientalis” avlodi: Nikolay Karaxan, Nadejda Kashina, Yelena Korovay, Mihail Kurzin, O‘rol Tansiqboyev, Oganes Tatevosyan, Usto Mo‘min (Aleksandr Nikolayev), Viktor Ufimtsev, Aleksandr Volkovga e’tibor qaratiladi. Ularning asarlarida modernistik rangtasvir uslubi Markaziy Osiyo xalq amaliy san’ati an’analari va O‘zbekistonning tabiiy rang-barangligi bilan maroqli muloqotga kirishadi.

“Shakl va ramz” loyihasi 17-apreldan 29-sentabrgacha Venetsiyadagi Ka Foskari universitetining koʻrgazma maydonida muxlislar uchun muntazir.