Abdulla Qodiriydan Sergey Yeseningacha: Toshkentdagi uy-muzeylari

E’lon qilingan sana· 899
Abdulla Qodiriydan Sergey Yeseningacha: Toshkentdagi uy-muzeylari

Toshkent shahri juda koʻplab ijodkorlar uchun oʻz bagʻridan joy bergan. Ular Oʻzbekiston poytaxtida yashagan va ijod qilgan. Keyinchalik ijodkorlar istiqomat qilgan joylar uy-muzeylariga aylantirilgan. Afisha.uz ushbu toʻplamda Toshkentdagi 10 ta uy-muzeyi haqida ma’lumot beradi.

Abdulla Qodiriy uy-muzeyi

Oʻzbekning eng buyuk yozuvchilaridan biri deya e’tirof etiladigan, oʻzbek adabiyotidagi ilk roman muallifi Abdulla Qodiriy Toshkent shahrida istiqomat qilgan. Uy-muzey 2019-yil dekabr oyida ochilgan (agar “yaqinda ochilgan ekan” degan fikr hayolingizdan oʻtgan boʻlsa, eslatib oʻtamiz, bu “yaqinda"ga ham besh yil toʻladi).

Manzil: Shayhontohur tumani, Samarqand darvoza koʻchasi.

Abdulla Qahhor uy-muzeyi

Abdulla Qahhor uy-muzeyi adabiy memorial muzey hisoblanadi. Muzey yozuvchi 1958−68 yillarda yashagan va ishlagan uyda 1987-yil 6-may kuni ochilgan. 2022-yil hisobiga koʻra, muzey fondida 5035 ta eksponat bor.

Uy-muzeyning memorial qismida Abdulla Qahhorning ish kabineti, kutubxonasi va mehmonxonasi aks ettirilgan.

Manzil: Yunus Rajabiy ko‘chasi, 26/1.

Yunus Rajabiy uy-muzeyi

Abdulla Qahhor uy-muzeyidan uzoq boʻlmagan joyda Oʻzbekiston Xalq artisti Yunus Rajabiyning ham uy-muzeyi bor.

Muzey 1997-yil dekabr oyida, Yunus Rajabiy tavalludining 100 yilligi arafasida uning oʻgʻli Hasan Rajabiy tomonidan tashkil qilingan. Muzeyning birinchi qavatida memorial va cholgʻu asboblar ekspozitsiyasi xonasi hamda mehmonxona joylashgan.

Manzil: Rakatboshi koʻchasi, 16.

Tamaraxonim uy-muzeyi

Tamaraxonim memorial uy-muzeyi 1994-yilda aktrisaning 1986-yilda tashkil etilgan liboslari koʻrgazmasi asosida ochilgan. Mazkur muzey Tamaraxonim umrining oxirgi yillarini oʻtkazgan uyda tashkil etilgan. Uy-muzey haqida batafsil Gazeta.uz sayti tayyorlagan maqolada keltirilgan.

Manzil: Tamaraxonim koʻchasi, 41.

Oybek uy-muzeyi

Oybek uy-muzeyi adib 1940−68 yillarda yashagan va ishlagan uyda 1980-yilda ochilgan va muzey hovlisida yozuvchining haykali oʻrnatilgan. 2005-yilda Oybek tavalludining 100 yilligi munosabati bilan muzey ekspozitsiyasi yangilangan. Ekspozitsiya adabiy va memorial qismdan iborat.

Manzil: Yunusobod tumani, Iftixor koʻchasi.

Oʻrol Tansiqboyev uy-muzeyi

Oʻzbekiston Xalq rassomi Oʻrol Tansiqboyevning memorial uy-muzeyi 1981-yil 16-yanvarda Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi filiali sifatida ochilgan. Uning asoschisi va birinchi direktori Oʻrol Tansiqboyevning bevasi Yelizaveta Yakovlevna boʻlgan.

Manzil: Mirzo Ulugʻbek tumani, Qalandar koʻchasi.

Gʻafur Gʻulom uy-muzeyi

Gʻafur Gʻulom uy-muzeyi yozuvchi 70 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan. Bu muzey ikki qavatli hovli-uyi boʻlib, Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan. Adib 1944−1966 yillarda u yerda yashab ijod qilgan.

Manzil: Chilonzor tumani, Arpapaya koʻchasi, 1.

Muxtor Ashrafiy uy-muzeyi

Kompozitor, dirijyor, oʻzbek operasi asoschilaridan biri boʻlgan Muxtor Ashrafiyning uy-muzeyi 1982-yili bastakorning Toshkent shahrida 1965-yildan 1975-yilgacha yashab ijod qilgan xonadonida tashkil etilgan. Muzey Muxtor Ashrafiyning hayot va ijod yo‘li bilan tanishtiradi.

Manzil: Shastri koʻchasi, 15.

Sergey Yesenin uy-muzeyi

1895-yilda tugʻilgan rus shoiri Sergey Yesenin 1921-yilda Toshkentga tashrif buyuradi. Shoirning ijodida Markaziy Osiyoga boʻlgan qiziqishni sezish mumkin. Yesenin istiqomat qilgan manzil hozirda uy-muzeyga aylantirilgan boʻlib, oʻsha davr nafasini ulasha oladi.

Manzil: Qori Niyoziy koʻchasi, 20.

Sergey Borodin uy-muzeyi

Sergey Borodin memorial uy-muzeyi 1981-yilda tashkil etilgan. Ushbu muzey XX asr oʻrtalarida yashagan va 1950−1974-yillarda bir qator yirik tarixiy prozaik janrlar muallifi rus yozuvchisi Sergey Borodin xotirasiga bagʻishlangan.

Manzil: Lashkarbegi koʻchasi, 18.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov