Parijda Abu Rayhon Beruniy tavalludiga bag'ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi

E’lon qilingan sana· 945
Parijda Abu Rayhon Beruniy tavalludiga bag'ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi

4−8 sentyabr kunlari YUNESKO qarorgohi Parijda «Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar» nomli ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi. Loyiha buyuk alloma va mutafakkir tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlanib, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilmoqda.

Namoyish bezaklarining vizual qismi, multimedia qurilmalari hamda taqdim etilgan qo‘lyozmalar nusxalari sharofati bilan ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar Abu Rayhon Beruniyning hayoti va ijodi bilan tanishishlari, uning oʻrta asrlarilm-fani rivojini koʻp jihatdan belgilab bergan va hozirgi kungacha ham oʻz dolzarbliligini yoʻqotmagan sayohatlari, kashfiyot va izlanishlari tafsilotlari haqida bilib olishlari mumkin bo‘ladi.

Ko‘rgazmaning tantanali ochilish dasturida Alibek Kabdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy simfonik orkestri konserti bo‘lib o‘tib, unda Dmitriy Yanov-Yanovskiy muallifligidagi «Zij — Burjlar Musiqasi» asarining jahon premyerasi taqdim etiladi.

Abu Rayhon Beruniy singari allomalarning salobati bizga nafaqat ilm-ma'rifatning barhayot qadr-qimmati, balki borliq olamni idrok etishga bo‘lganchinakam ishtiyoq chegara bilmasligini ham yodga soladi. Uning astronomiya, geologiya, etnografiya kabi fanlarni qamrab olgan ilmiy izlanishlari qanday qilib yagona inson dunyoni anglash ufqlarini kengaytirishga qodir ekanligining yorqin namunasidir.

«„Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar“ ko‘rgazma loyihasi dolzarb madaniyat kun tartibida alohida o‘rin egallaydi. Bu Yevropa jamoatchiligiga atoqli olim haqida mufassalroq ma’lumot olish, uning butun bashariyat aqliy salohiyat muhitiga qo‘shgan hissasini anglash imkonini beradi. Abu Rayhon Beruniy merosi dunyo tadqiqotchilari tomonidan chuqur mulohaza bilan o‘rganilayotgan mavzudir. Ishonchim komilki, ko‘rgazma loyihasi tashrif buyuruvchilarda qiziqish uyg‘otib, O‘zbekistonning tarixiy-madaniy aloqalari, uning zamonaviy ilmiy ta’limotlarning shakllanishi va rivojlanishidagi o‘rniga yangicha ko‘zqarash bilan nazar tashlash imkonini beradi», — deb ta’kidladi Gayane Umerova, Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi.

Tashrif buyuruvchilar Beruniy qo‘lyozmalari sahifalari bilan tanishishlari mumkin bo‘lgan yuqori sifatli interfaol multimedia tasvirlar bilan bir qatorda, ularga olim hayotiga oid qisqacha videorolik namoyish etiladi. Ko‘rgazma maydonining umumiy maydoni 400 kvadrat metrdan ortiq. Ekspozitsiyada Abu Rayhon Beruniy qo‘lyozmalarining Fransiya milliy kutubxonasi fondidan Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti mutaxassislari tomonidan tayyorlangan nusxalariga alohida e’tibor berilgan.

Ko‘rgazmaning ochilishi munosabati bilan 4-sentyabr kuni YUNESKO qarorgohining I zalida mashhur bastakor Dmitriy Yanov-Yanovskiy asarining jahon premyerasi bo‘lib o‘tadi. «Zij — Music of Constellations» («Zij — Burjlar Musiqasi») badiiy asari muallif tomonidan Sharqning to‘rt nafar buyuk tafakkur sohiblari: Xorazmiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘beksharaflariga yuksak ehtirom ramzi sifatida bastalangan.

Alibek Kabdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy simfonik orkestri ijrosi 3D grafik xaritalash dasturi jo‘rligida tomoshabinlarni buyuk ilmiy kashfiyotlar muhitiga sho‘ng‘itib, O‘zbekiston madaniy va tarixiy merosining yangi qirralari bilan tanishtiradi.