Futbol. Yevropada Ispaniya, Amerikada Argentina tengsiz boʻldi

E’lon qilingan sana· 136
Futbol. Yevropada Ispaniya, Amerikada Argentina tengsiz boʻldi

Bugun tunda futbol boʻyicha ikki yirik turnir finali oʻtkazildi. Yevro-2024 finalida Ispaniya va Angliya toʻqnash kelgan va yakunda “qizil furiya” chempion boʻlgan boʻlsa, Amerika qit’asida yana Argentina tengsiz boʻldi, ular finalda Kolumbiyani taslim etdi.

14-iyuldan 15-iyulga oʻtar kechasi Yevropa chempionatining finalida Ispaniya va Angliya terma jamaolari bahs olib bordi. Birinchi boʻlim teng kurashlar ostida oʻtdi. Jamoalar dastlabki 45 daqiqalikni golsiz tark etishdi.

Ikkinchi boʻlimning dastlabki daqiqalarida, aniqrogʻi 47-daqiqada finaldan oldin 17 yoshni qarshilagan Lamin Yamalning pasidan soʻng Niko Uillyams Ispaniyani hisobda oldinga olib chiqdi. Shundan soʻng Sautgeyt shogirdlari ham oldinga intildi va yana tenglik hukm surdi.

73 daqiqaga kelib bu tenglik tabloga koʻchdi — Jud Bellingemning uzatmasidan soʻng Koul Palmer uzoq masofadan Unai Simon darvozasini ishgʻol qildi.

Ikki jamoa ham ehtiyotkorlik bilan harakat qilib, qoʻshimcha daqiqalarga tayyorgarlik koʻrayotgan bir vaqtda ispanlar himoyachisi Mark Kukurella raqib jarima maydoniga toʻpni uzatgandan soʻng zahiradan maydonga tushgan Mikel Oyarzabal oʻyin taqdirini hal qildi. Bu 86-daqiqada sodir boʻlgani sababli angliyaliklarga hisobni tenglashtirish uchun vaqt yetarli boʻlmadi. Ispaniya — 4 karra Yevropa chempioni!

Yevro-2024 ning eng yaxshi futbolchisi Ispaniya yarim himoyachisi Rodrigo boʻldi. Turnirning eng yaxshi yosh futbolchisi deb Lamin Yamal topildi.


15-iyul tongida AQSHda oʻtkazilgan Kopa Amerika turnirining yakuniy uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Messi boshchiligidagi Argentina Kolumbiyani taslim etib, ketma-ket ikkinchi bor qit’ada birinchi boʻldi.

Uchrashuvning asosiy vaqtida gʻolib aniqlanmadi. Uchrashuv teng kurashlar ostida oʻtdi. 66-daqiqada Argentina sardori Leo Messi jarohat sababli maydonni tark etdi, uning oʻrnini NIkolas Gonsales egalladi.

Ekstra taymlarda, aniqrogʻi, 112-daqiqada Lautaro Martinez oʻyin taqdirini hal qildi. Argentina — ketma-ket ikkinchi bor Amerika qit’asida tengsiz boʻldi.

2025-yilda ushbu ikki gʻolib terma jamoa ishtirokida Finalissima oʻtkaziladi.