Ivan Urgant Afisha.uz uchun eksklyuziv: Toshkentdagi tadbirlar, «Живой Ургант» va somsa haqida

26-aprel kuni Ivan Urgant poytaxtda «Живой Ургант» dasturini taqdim etadi. "Afisha" tahririyati shanba kuni bizni nimalar kutayotganini uning oʻzidan bilishga muvaffaq bo‘ldi.
— O‘zbekistonda avval ham bo‘lgansiz. OAV siz boshlovchilik qilgan yopiq tadbirlar haqida yozgan. Bir taxminga ko‘ra, bu to‘ylar, boshqa bir taxminga ko‘ra, konsertlar edi. Ayting-chi, ular aslida qanday tadbirlar edi?
— Bir necha marta O‘zbekistonda bo‘lganman, ikki hafta Toshkentda yashaganman. O‘zbekistonda men boshlovchilik qilgan butunlay boshqa tadbirlarda ko‘p marta bo‘lganman. Bu qanday tadbirlar edi? Aytadigan bo‘lsam, O‘zbekistondagi tadbirlarim shu bilan tugaydi. Agar tadbir xususiy bo‘lsa, uni tashkillashtirayotgan odamlarga u haqda gapirib berish huquqini beraman.
— Bu tashriflardan mamlakat va mahalliy aholi haqida nimalarni tushundingiz?
— Tushundimki, ular ajoyib, mehmondo‘st, juda samimiy, non-tuzli va befarq bo‘lmagan odamlar ekan. Nazarimda, o‘zbek madaniyati, uning teranligi, ildizlari butun dunyodan odamlarni o‘ziga jalb qilishi kerak. Bir kuni Parijdan O‘zbekistonga uchib ketayotganimda samolyot fransuzlar bilan to‘la edi va men ularning o‘zbek madaniyati va kitoblariga bo‘lgan katta qiziqishini ko‘rdim. Bugungi kunda ko‘pchilik Amerika yoki Yaponiyaga uchadigan O‘zbekiston havo yo‘llari tufayli yangi “Ipak yo‘li” paydo bo‘ldi, bu safar samoda.
— Bu safar tadbir rasmiy — “Живой Ургант” konsert turi. “Живой Ургант” “Вечерный"dan nimasi bilan farq qiladi?
— “Живой Ургант"da oldingi qatordagi tomoshabinlar nafasimni darhol his qilishadi. Nafasim qisayotganini birinchi bo‘lib payqashadi va tomir urishimni paypaslab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Dastlab “Живой Ургант” konserti televideniyeda qilgan ishlarimdan ancha farq qiladi deb o‘ylagandim. Ammo tur davomida unchalik katta farq yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Shunchaki studiyada odatdagidek 120 kishi emas, bir yarim ming tomoshabin bor. Bu men uchun g‘oyat qadrli, chunki tomoshabinlarni har doim dasturning to‘laqonli ishtirokchilari deb bilaman.
— Bu sizning butun umringiz davomida televideniyeda qilgan ishingizga qanchalik yaqin? Konsert safari televideniyening o‘rnini bosadimi yoki vaqtinchalikmi? Buni qanday rejalashtirgan edingiz va hozir qanday his qilyapsiz?
— Men uzoq kelajakni ko‘ra oladigan katta strateg emasman. Hozirgi paytda qilayotgan ishimdan juda katta zavq olyapman. Toshkent ushbu tur qismini yakunlovchi oltinchi shahar hisoblanadi. Dastur Toshkentga dastlabki chiqishlarga qaraganda ancha o‘zgargan holda kelishi aniq. Va bu menga juda yoqadi. Xuddi bizning ko‘rsatuvimizda bo‘lgani kabi, har kuni nimadir o‘zgarar va kechagisiga o‘xshamasdi.
— URGANT LIVE saytida jamoangiz har bir shahar uchun dastur tayyorlashi yozilgan. Buni qanday amalga oshirasizlar? Bunga qancha vaqt sarflanadi?
— Shubhasiz, har bir shahar uchun o‘zimizga xos dastur yaratamiz. Bunga qancha vaqt ketishini hisoblamadim. Ammo O‘zbekistonda Armaniston haqida hazillashish g‘alati bo‘lardi. Yoki Gruziyada o‘zbek turmush tarzining o‘ziga xosliklari haqida so‘zlash noo‘rin. Ba’zi qismlar takrorlanadi va shahardan shaharga ko‘chib o‘tadi, lekin biz albatta tashrif buyurgan har bir hudud uchun maxsus narsalar tayyorlaymiz.
— Shoularning necha foizi improvizatsiyaga asoslanadi?
— Men shouni 70−80 foiz improvizatsiyaga olib chiqishni xohlardim. Men butun boshli konsert yozish, chiqish qilish va bularning barchasini hozirgina o‘ylab topgandek his qilish uchun uni tushunarli qilib aytib berish mahoratiga ega emasman.
— Ko‘rsatuvda tomoshabinlarga qanday rol beriladi? Ular studiyadagi kabi klassik tushunchadagi tomoshabin bo‘ladimi (o‘tirishadi, kulishadi, qarsak chalishadi) yoki to‘laqonli ishtirokchiga aylanishadimi?
— Biz zalda tomoshabinlar ko‘proq bo‘lishini istaymiz. Ular kulish va qarsak chalishdan tashqari, shouda ishtirok etishlarini, savollar berishlarini istardik. Ba’zan tomoshabinlarni sahnaga olib chiqamiz.
— Tur saytida biz — tomoshabinlar uzoq yillar davomida sizni ekranda kuzatganimizni, siz esa bizni ko‘rmaganingizni unutmaslik kerakligi yozilgan. Bu borada ko‘proq nima haqida qayg‘urasiz? Umuman, hayajonlanasizmi (sizning bu tajribangiz bilan)?
— Men sahnaga chiqishdan oldin doim hayajonlanaman. Bu menga buvimdan o‘tgan. Nina Nikolayevna har doim, har qanday konsert oldidan, sahna ortida turib, mikrofonni yoki ko‘ylagining etagini ushlab, nimanidir sekin shivirlar va juda xavotirlanardi. Men unchalik tashvishlanayotganim yo‘q, ko‘ylagimning etagini qisib turish juda qiyin. Ammo tajriba yordam beradi, hayajon odatda sahnaga chiqqaningizda va birinchi qatordagi tomoshabinlarning yuzlarini ko‘rganingizda o‘tib ketadi.
— Qozog‘istonga “Pozner va Urgant sayohati” loyihasi bilan kelyapsiz. Nima uchun familiyalar bunday tartibda? Ushbu loyiha Vladimir Vladimirovich bilan birgalikda sayohatlar haqidagi hujjatli filmlar seriyasining davomi hisoblanadimi? O‘zbekiston sizning yo‘nalishingizga tushishi uchun nima qilish kerak?
— “Pozner va Urgant sayohati” turimizdagi familiyalar alifbo tartibida joylashtirilgan. Vladimir Pozner bilan O‘zbekistonga sayohat qilgan bo‘lardim. Shunchaki organizmni unga oldindan tayyorlash kerak. O‘zbekistonda har ikki daqiqada taklif qilinayotgan narsalardan voz kecha oladigan irodam yo‘q. Keng, yaxshisi, tugmasiz, tasmali kiyim kerak bo‘ladi. Ko‘p miqdorda ovqat hazm qilish jarayonini kuchaytiruvchi preparatlar. Keng eshikdan kirish mumkin bo‘lgan avtomobil. Men ketishga tayyorman.
— Boshqa shaharga borganingizda birinchi navbatda nimalarga e’tibor berasiz? U haqdagi taassurotlaringizni nimalarga asoslanib shakllantirasiz?
— Men uchun qayerda ekanligimni tushunish muhim. Shuning uchun qayerga bormayin, yonimda doim xarita bo‘lib, unga qarab mo‘ljal olaman. Men piyoda yurishni juda yaxshi ko‘raman. Ko‘chalarda qayoqqadir ketayotganimni ko‘rsangiz, bilib qo‘ying — men yanada mazaliroq somsa izlab qadrdon Toshkentni aylanib yuribman.