Afsonaning qaytishi: “Setora”ning uzoq kutilgan konsertidan reportaj (va koʻp rasmlar)

E’lon qilingan sana· 2 216
Afsonaning qaytishi: “Setora”ning uzoq kutilgan konsertidan reportaj (va koʻp rasmlar)

Afsonaviy “Setora” guruhi 20 yillik ijodiy tanaffusdan so‘ng 1−3-dekabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” sanʼat saroyida to‘liq tarkibda besh seansda konsert taqdim etdi. Sahnada “Ajdodlar ruhi”, “Sen borsan”, “Ohim” singari yigirmadan ortiq sevimli hit qo‘shiqlar jarang sochdi. Afisha.uz muxbirlari “Setora"ning shuv-shuvli ijodiy kechasidan reportaj tayyorladi.

1998-yilning 1-mart sanasida sinfdoshlar — Komila Xo‘jayeva, Laylo Galiyeva va Feruza Latipova tomonidan tashkil etilgan “Setora” guruhi 2004-yilning noyabrida to‘liq tarkibda so‘nggi yakkaxon konsertini qo‘ygan edi.

Guruh vakili Komila Xo‘jayeva oradan 20 yil vaqt o‘tib, yana noyabrning oxiri, dekabrning ilk kunlarida “Setora"ga “Xalqlar do‘stligi"ning eshiklari ochilganini o‘ziga xos belgi, deb atadi.

“20 yil avval, 1-dekabrda “Tarona rekords"da bizning birinchi noxush suhbatimiz bo‘lib o‘tgandi va “Setora” katta tanlov qarshisida qolgandi. Yillab tanaffusdan so‘ng bizga chinakamiga ishonib qo‘llab-quvvatlagan Davron Kabulovdan cheksiz minnatdormiz. Bizning to‘liq tarkibda konsert berishimiz g‘oyasi Davrondan chiqdi”, — dedi u.

Konsert “Ajdodlar ruhi” qo‘shig‘i bilan boshlanib, guruh qizlari tarixiy liboslarda sahnaga chiqdi. “Bibixonim” taronasi teatrlashtirilib, unda O‘zbekiston xalq artistlari Tesha Mo‘minov hamda Muqaddas Xoliqova tarixiy shaxslar qiyofasida ko‘rinish berdi. Aktrisa Asal Shodiyeva “Alla” qo‘shig‘ida qo‘lida chaqaloq bilan sahnaga chiqib, beshik tebratgan bo‘lsa, bloger Husnora Shodiyeva esa “Yor-yor” taronasi jarang sochayotgan vaqtda zaldagilarga kelinchak obrazida “kelin salom” qildi.

Uch blokdan iborat konsert repertuariga jami 25 ta tarona kiritilgan bo‘lib, aksariyati fonogramma orqali ijro etildi.

Barchaning sevimli qo‘shig‘iga aylangan “Xayr maktabim” xonanda Ravshan Sobirovsiz kuylandi, ammo mazkur taronani zaldagilar “Setora” bilan birga aytdi. “Sahar” guruhi solisti Anvar Jo‘rayev bilan “Orzu” dueti ijro etildi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, sahna dekoratsiyasi, guruh vakillarining yorqin obrazlari va raqqosalar ijrosiga alohida ahamiyat qaratilgan.

Konsert yakunida “Setora” qizlari jurnalistlarga intervyu berib, har bir savolga javob qaytardi.

“Sodiq muxlislarimizga yoqishi uchun konsertning uch blokida uch xil, bir-biriga o‘xshamagan obrazlarda namoyon bo‘lishni xohlagan edik va eng zo‘r dizaynerlar yordamida buni uddaladik. Birinchi obraz — tarixiy, ikkinchisi — milliy, uchinchisi — disko, yaʼni yorqin uslub”, — dedi Laylo Galiyeva.


Laylo Galiyeva

“Yana konsert qo‘yish borasida biror nima deyishga hali erta. Aniq bo‘lmay turib, konsert qo‘yamiz, deb alday olmaymiz, bundan qilish mumkin emas. Avval yaxshilab tayyorgarlik ko‘rib, so‘ng eʼlon qilamiz. Bu so‘nggi konsert ekan, degan gap-so‘zlarga eʼtibor bermang, bu — noto‘g‘ri. Biz haqimizda oldin ham juda ko‘p gaplar tarqalgan (kulib). Asosiysi, konsert moʻjizaviy o‘tdi, biz buni uddaladik, barcha muxlislarimizga rahmat” , — dedi Komila Xo‘jayeva.


Komila Xoʻjayeva

“Konsertdagi hissiyotlar o‘zgacha bo‘ldi — sahnaga ilk bor chiqqandek hayajonlandik, ammo keyingi chiqishlarimizda barchasi o‘tib ketdi”, — dedi Feruza Latipova.


Feruza Latipova

“Setora"ni qo‘llab-quvvatlash maqsadida muxlislaridan tashqari, ko‘plab shou-biznes vakillari ham konsertga tashrif buyurdi. Ushbu dasturda tushirilgan yorqin suratlarni quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin