Shoxrux, Say Mo, Yunka: "Humo Fest 2.0" qanday oʻtdi?

E’lon qilingan sana· 1 267
Shoxrux, Say Mo, Yunka: "Humo Fest 2.0" qanday oʻtdi?

Oʻtgan 2023-yilgi “Humo Fest” — yirik rep festivali koʻpchilikning e’tiborini qozongandi. Tashkilotchilari oʻtgan yilgi qiziqishdan kelib chiqib, bu yil ham festival tashkillashtirishdi va yoniga 2.0 qoʻshimchasini qoʻshishdi, bu yanada yaxshiroq deganidir.

Afisha.uz muharrirlari bu galgi konsertda ham qatnashib, undan yorqin fotoreportaj tayyorladi.

Bu safargi “Humo Fest"da quyidagilar ishtirok etdi: AslWayne, Shoxrux, Shokir MillyMallyMoe, “Doʻppi Twins”, “BrBalo”, Yamadzhi, Toiraxmed, Ruxsora Emm, Yunetta Akopyan (Yunka) va qozogʻistonlik reper Say Mo. Boshlovchi esa oʻsha-oʻsha — Mirshakar Fayzulloyev.

Bu yilgi tarkib ham ancha jarangdor edi va bu muxlislar sonida oʻz aksini topdi — Humo Arena deyarli toʻldi.

DJlar davrani qizdirib boʻlgandan soʻng birma-bir ishtirokchilar chiqishi boshlandi. Birinchi qozogʻistondan kelgan raqqoslar chiqish qildi. Dastlabki eng e’tiborga molik chiqishlardan biri Yunettaniki boʻldi.

U birinchi marta katta sahnada (garchi rep boʻlmasa-da) “San mani dardim” va “Yomgʻir” qoʻshigʻni kuyladi. Ushbu treklarni, ayniqsa, birinchisini muxlislar yodlashga ulguribdi.

“Humo Fest"da yana bir oʻzbekistonlik koʻzga koʻringan bloger va qoʻshiqchi Ruhsora Emm ham birinchi marta chiqish qildi. U oʻzining Instagram’da xitga aylangan qoʻshiqlarini kuylab, muxlislar bilan bir-ikki kontent olib, sahnani tark etdi.

Undan soʻng koʻpchilik kutgan Asl Wayne chiqib keldi. Oʻtgan yilgidan farqli oʻlaroq u sahnada bir oʻzi turdi. Yigʻilgan muxlislar, qizlar-u, yigitlar uning qoʻshiqlarini joʻr boʻlib kuyladi. U yerdagi atmosferadan koʻpchilik Asl Wayneni deb kelganini ham sezish qiyinmasdi.

Shuningdek, bu safar sahnaga “Aboka” qoʻshigʻi bilan “brbalo” guruhi ham chiqib keldi. Lekin ular oʻsha mashhur qoʻshiqni emas, boshqa bir yangi trekni kuylashdi.

Ularning yangi treki qachon premyera qilinishi ma’lum emas. Hozircha musiqiy platformalarda ularning na oʻsha mashhur eski trek, na yangisi bor.

Soʻnggi uchta chiqish Shokir, Say Mo va Shoxruxga ajratilgan edi. Kelgan muxlislar oʻzbek repi afsonasini oxirigacha kutdi. Ungacha esa ikkalasi sahnani “yondirdi”. Qozogʻistonlik mehmon ham mashhur qoʻshiqlarini kuylab, qiziqarli raqslar namoyish etdi.

E’tiborli jihati shundaki, Say Mo sahnada gitara va barabanlarni sindirib tashladi. Ha, zal ham xuddi shunday azartga toʻlib turgandi, ular bu sahna koʻrinishi yoqdi.

Eng mazalisi oxirida boʻladi, deganlaridek, ajoyib san’atkor — Shoxrux oʻzining sevimli taronalari bilan sabrli muxlislarni siyladi.

“Humo Fest 2.0"dan tayyorlangan yorqin reportajni quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Fotosuratchi: Murod Yusuf
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling