Shoxrux konserti qanday oʻtdi? Katta fotoreportaj

E’lon qilingan sana· 800
Shoxrux konserti qanday oʻtdi? Katta fotoreportaj

Shu yilning 1-noyabrida reper Shoxrux Humo Arenada oʻzining “Bu safar boshqacha boʻladi” nomli konsertini taqdim etdi. Afisha.uz ushbu dasturdan yorqin fotoreportaj e’lon qiladi.

Birinchi navbatda zalda tashkil qilingan katta va oʻzgacha uslubdagi sahna e’tiborni tortdi, bu konsert nomiga xos boʻldi, deyish mumkin. Bunday katta va uzun sahna Shoxruxga koʻproq muxlis bilan yaqin boʻlish imkonini berdi.

Reper chiqishini oʻzining afsonaviy dueti — Shahzoda bilan kuylangan “Qayt” qoʻshigʻi bilan boshladi. Muxlislar uzoq vaqt sahnada duetdoshining paydo boʻlishini kutdi, lekin anchadan beri ijoddan uzoqda boʻlgan Shahzoda, afsuski, koʻrinish bermadi.

Ammo Shoxrux bu qoʻshiqni maromiga yetkazib kuyladi, bunda unga zalda toʻplanganlarning oʻzi yordam berdi.

Yana bir duet bor, u Shoxruxning ijodida alohida oʻrin tutadi — “Salom”. Chiqarilganiga 18 yil vaqt oʻtgan boʻlsada, u hali ham aktual, hali ham xit. Ammo undagi Sarvar oʻsha-oʻsha emas, u ancha katta boʻlgan, u ham sahnada koʻrinish berdi.

Konsert davomida “Xayolimdasan”, “Bolaligim”, “Yoroney”, “Naynov”, “Ayriliq”, “Balandda” kabi xit qoʻshiqlar jonli ijroda yangradi. Instagram’dagi reelslar orqali yana nostalgiyaga choʻmgan muxlislar deyarli barcha treklarni joʻr boʻlib kuyladi.

Aynqisa, muxlislar qalbining tubida doimiy bepulga ijarada turadigan “Yoron-ey” qoʻshigʻi bu konsertda ikki marta kuylandi: bir marta Shoxning oʻzi, ikkinchisida butun zal. Koʻp qoʻshiqlarda toʻplangan muxlislarning ovozi repernikini bosib ketdi.

Umuman olganda, konsert oʻz nomiga mos tarzda oʻtdi, deyish mumkin: sahna, performans, pleylist, muxlislar — hammasi oʻzgacha. Chunki bu — oʻsha hamma bilgan va sevgan Shoxrux.

Konsertdan tayyorlangan fotoreportajni quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Fotosuratchi: Ma'murjon Obrahmatov