24 ta tarona, Shohruhxon bilan duet, yorqin liboslar: xonanda Dilnozning ilk konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 1 171
24 ta tarona, Shohruhxon bilan duet, yorqin liboslar: xonanda Dilnozning ilk konsertidan reportaj

“Saharlarda”, “U haqida”, “Daydi yorim” singari qo‘shiqlari bilan tanilgan xonanda Dilnoz Hakimova 18−19 sentyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” sanʼat saroyida ilk yakkaxon konsertini taqdim etdi. Nafaqat yoshlar, balki katta avlod vakillari orasida ham o‘z muxlislariga ega xonandaning ijodiy imtixonidan Afisha.uz muxbirlari reportaj tayyorladi.

Dilnoz Hakimova birinchi konsertida jami 24 ta tarona ijro etdi. Ular orasida olti yillik ijodi davomidagi eng sara qo‘shiqlaridan tashqari, yangi ijod namunalarini ham premyera qildi. Shuningdek, o‘zbek estradasining taniqli erkak xonandalari — Shohruxhon, Konsta va Mirjalol Neʼmatov bilan duetlar aytdi.

“Shohruhxon bilan duet aytish taklifi mendan chiqqan. Chunki bolaligimdan uning muxlisiman. O‘zimning sevimli hamkasbim bilan duet kuylash orzuim amalga oshganidan va u taklifimni rad etmay, qo‘llab-quvvatlaganidan juda xursandman. Qo‘shig‘imiz konsertga bir kun qolganida tayyor bo‘ldi va premyera qilindi. Mirjalol taklifi bilan yaratilgan duetimiz ham muxlislarga maʼqul kelgan, deb o‘ylayman”, — dedi xonanda.

Uning aytishicha, ijodiy jamoa konsertga bir yarim oy mobaynida tayyorgarlik ko‘rgan.

“Konsert oldi qandaydir qora piar qilish taklifini berganlar ham bo‘ldi. Lekin jamoam bilan bunga ko‘nmadik. Ko‘z tegmasin, ikki kunlik konsertimda hamma chiptalar sotildi. Ijodimni chinakamiga yaxshi ko‘radigan muxlislarim borligi sababli hech qanday piarga muxtojlik sezmadik. Konsertim o‘zim kutganimdek, chiroyli va fayzli o‘tganidan baxtiyorman”, — dedi Dilnoz.

“Ayol xonandalarimiz ichida ajralib turadiganlari sanoqli. Shulardan bittasi bo‘lgan Dilnoz o‘zining ovozi, harakteri bilan ajralib turadi. U energiyaga boy qiz, hali yana ko‘plab yaxshi qo‘shiqlar yarata oladi. „Layli“, „U haqida“ duetlarini birga ijro etganimiz ham bejiz emas. U yaxshi duetdosh va hamkasb. Kelgusi ijodiy faoliyatiga omad tilayman”, — dedi Konsta.

Dilnoz jurnalistlarning navbatdagi konsertini qachonga reja qilayotgani haqidagi savoliga javob berarkan, “Katta bir orzuimga erishdim, yaʼni yakkaxon konsertimni qo‘ydim. Hammada har xil rejalar bo‘ladi, bundan buyog‘iga shaxsiy hayotimga, oilamga vaqt ajratmoqchiman, keyin yana ijodni davom ettiraman”, — dedi u.

Konsertda Dilnozni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘plab shou-biznes vakillari tashrif buyurdi. Xususan, xonandalar Ziyoda, Shirin Zoitova, Afsona, blogerlar Xusnora, DiliMe, Muborak Abdullayeva, Nigina Jabborova kabi mashhurlar zalning old qatorida o‘tirib, dasturni tomosha qilishdi.

Dilnoz zalning birinchi qatorida o‘tirgan onasini barchaga tanishtirib, unga o‘z minnatdorchilik bildirdi va gullar sovg‘a qildi.

Konsert dasturida tayyorlangan fotoreportajni quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin