London Kolizeyida O‘zbekiston milliy simfonik orkestri Kirill Rihter bilan konsert berdi
11-sentyabr kuni London Kolizeyida taniqli bastakor va pianinochi Kirill Rihterning “Vaqt qumlari” multimedia tomoshasining Britaniya premyerasi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbek madaniyati va Umar Xayyom, Alisher Navoiy, Bobur, Mohlaroyim Nodira kabi buyuk qalam ustalarining she’riyatidan ilhom olib, simfonik orkestr va fortepiano sadosi uyg‘unlashgan musiqiy dastur taqdim etildi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan ushbu tadbir musiqa, she’riyat, vizual va video qurilmalarni o‘zida jamlab, butun maydonni jonli, doimo o‘zgarib turadigan san’at asariga aylantirdi.
Rihter bilan birgalikda uning “Rihter Trio” ansambli (skripkada Alena Zinovyeva, violonchelda Avgust Krepak) va Alibek Kabdurahmanov boshchiligidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri sahnaga chiqdi.
Dasturda Rihterning tanlangan asarlari, jumladan, uning “Chronos” debyut albomidan parchalar, shuningdek, FIFA Jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlari uchun yozilgan madhiyalar yangradi.