Lola bilan duet, jonli ijro va xit qo‘shiqlar: “Benom” konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 1 618
Lola bilan duet, jonli ijro va xit qo‘shiqlar: “Benom” konsertidan reportaj

Qo‘shiqlari yoshlar orasida keng ommalashgan O‘zbekistondagi taniqli guruhlardan biri “Benom” 1−5-may kunlari navbatdagi konsertini taqdim etmoqda. “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida o‘tkazilayotgan dastur “The best-2” deb nomlangan bo‘lib, unda jamoaning hit taronalari ijro etilmoqda. Afisha.uz muxbirlari konsertda mehmon bo‘lib, foto va video reportaj tayyorladi.

O‘zbek shou-biznes olamiga “Qizaloq” qo‘shig‘i bilan kirib kelgan va mashhurlikka erishgan “Benom” guruhi 14 yildan buyon san’at olamida ijod qilmoqda. Ularning nafaqat qo‘shiq yaratish va ijro etish, balki konsert qo‘yishda ham mahorati yil sayin oshib bormoqda.

Yilda ikki marta konsert taqdim etishni an’anaga aylantirayotgan “Benom” guruhi yigitlari bu safargi dasturda ham barcha taronalarini jonli kuylamoqda. Joriy yil sozandalar va orkestrga alohida ahamiyat qaratilgan. Bu esa konsertning jozibadorligiga albatta, ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

“O‘tgan yilgi „The best“ konsertida ham orkestr bor edi. Ammo ular soni oz edi, bu yil esa katta jamoa bilan ishladik. Qo‘shiqlarni sifatli, ayniqsa, musiqalarni saviyali chiqishi va zaldagi tinglovchilarga ta’sirliroq yetkazish maqsadida ham eng mahoratli sozandalar hamda katta orkestr bilan hamkorlik o‘rnatishga qaror qildik”, — dedi Sarvar.

“Orkestr vakillari bilan konsertga uch oy davomida tayyorgarlik ko‘rdik. Ularning mehnati har doim qiyin bo‘lgan, ammo zaldagilar ko‘pincha tanimaydi va mehnatini his qilmaydi. Shu sababli musiqachilarning har birini zaldagilarga tanishtirdik, xalqimiz ularni ham tanishi va mehnatini bilishi kerak, deb o‘ylaymiz”, — dedi Komil.

“The best-2” konsert uch blokdan iborat bo‘lib, jami 19 ta tarona jarang sochmoqda. “Benom"ning “Xazon”, “Erkalay”, “Yog‘adi yomg‘ir” singari hit qo‘shiqlari zaldagi muxlislar bilan birga ijro etilmoqda.

“Benom” bu galgi konsertida taniqli xonanda Lola bilan “So‘rama” qo‘shig‘ini duet tarzida kuylamoqda.

“Biz „Benom“ bilan bitta oilamiz, ya’ni Tarona rekords oilasi vakillarimiz. Shu sababli ham bu guruh bilan ko‘p yildan buyon ijodiy hamkorlik qilaman. Konsert juda ham fayzli bo‘lyapti. Men Sarvar va Komilni hamda ularning muxlislarini shunday dastur bilan tabriklayman”.

“Konsert davomida guvoh bo‘lyapmanki, “Benom"ning muxlislari juda faol va chiroyli ekan. Xonandalarga qo‘shilib, qo‘shiqlarni birgalikda ijro etayotgan qiz-yigitlarni ko‘rib, xursand bo‘ldim. Barchasiga omad va baxt tilayman!”, — dedi Lola.

Konsertda o‘zbek shou-biznesining taniqli vakillari mehmon bo‘lib, zalning old qatorida dastur tomosha qilmoqda. Xususan, konsertning ilk kuni “Million” jamoasi sardori Davron Kabulov, xonandalar Yodgor Mirzajonov, Sanjar Shodiyev, qiziqchi Elmurod Haqnazarov, instablogerlar Dili.me, Mitti.me va boshqalar tashrif buyurdi.

“Benom"ning “The best-2” konsertining ilk kunidan tayyorlangan reportajning to‘liq holatda Afisha.uzning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin:

Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov