“Million” jamoasining 2024-yildagi konsertidan katta reportaj

E’lon qilingan sana· 31 889
“Million” jamoasining 2024-yildagi konsertidan katta reportaj

O‘zbekistondagi taniqli kulgu jamoalaridan biri va shov-shuvli konsert berishga odatlangan “Million” 11−21-aprel kunlari navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. Har bir dasturini o‘ziga xos chiqishlar bilan o‘tkazadigan jamoa bu yilgi konsertni ham “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida qo‘ymoqda. Afisha.uz muxbirlari dasturning 6-kunida mehmon bo‘lib, reportaj tayyorladi.

“Million” jamoasi bu yilgi konsertida jamiyatdagi muammolarga avvalgidek ko‘p ahamiyat qaratmagan, ammo ayrim masalalarni kulgu orqali olib chiqmoqda.

Jamoa sardori Davron Kabulov konsertdan qay darajada ko‘ngli to‘layotgani haqidagi savolimizga javob berarkan, shunday dedi:

“Konsert biz o‘ylaganimizdan ham chiroyli va undan-da ziyoda o‘tyapti. Asosiysi, mehnat qilsak, samarasini albatta, ko‘rishimizga yana bir marta guvoh bo‘lyapmiz. Bu esa odamga rohat bag‘ishlaydi. Har bir ijodkorga mana shunday onlarni his qilishini tilab qolaman. Hamma yo‘qotishlar va boshqa holatlarni ortda qoldirib, yana davom etayotganimiz biz uchun katta baxt. O‘ylaymanki, „Million“ yana bir necha yillar mobaynida o‘z muxlislarini bugungidek chiroyli konsertlari bilan xushnud etadi”, — dedi Davron Kabulov.

“Million"ning har bir konsertida taniqli va el sevgan TOP san’atkorlar mehmon bo‘lib, sahnaga chiqishi an’anaga aylangan. Bu yil mashhur ayol xonandalar — Ozoda Nursaidova hamda Lola o‘z qo‘shiqlari bilan konsertga yana-da fayz bag‘ishlamoqda.

“Shu paytga qadar konsertlarimizda Yulduz Usmonova, Farruh Zokirov, Ozodbek Nazarbekov, Tohir Sodiqov, Jahongir Otajonov, „Setora“ kabi TOP san’atkorlar mehmon sifatida qatnashgan. Ularni ko‘ndirish oson kechgan jarayon bo‘lgan, deb ayta olmayman. Ozoda Nursaidova va Lolani ham ko‘ndirish oson bo‘lgani yo‘q. Lekin shunga qaramay, kelishuvga erisha oldik. Nazarimda, eng yaxshi muxlislarga eng yaxshi musiqiy sovg‘alar tuhfa etishimiz kerak. Qolgan qiyinchiliklar ikkinchi darajali. „Million“ muxlislari eng zo‘rini ko‘rsin, bo‘ldi”, — dedi Davron Kabulov.

Uning aytishicha, jamoa taklifini rad etgan san’atkorlar ham bo‘lgan.

“Million"ga taklif qilyapmiz, deb aytganimizda, ko‘p xonandalarda konsertimizda qatnashish istagi shundog‘am bo‘ladi, buni sezamiz. Shu sabablimi, boshqa loyihalarga nisbatan „Million“ mavzusida gaplashish osonroq. Ammo rad javobini aytgan san’atkorlar ham bo‘lgan. Lekin ulardan ham kuchliroq yoki ular darajasidagi san’atkorlarni sahnaga olib chiqishga erisha olganmiz, deb o‘ylayman”, — dedi jamoa sardori.

Bir necha yil katta sahnalarda ko‘rinmagan va ayni damda ijod qilishga jiddiy kirishgan estrada xonandasi Lola nima sababdan “Million” konsertida ishtirok etishga rozi bo‘lgani haqida so‘z yuritdi.

“Muxlislarimni juda ham sog‘indim, shuning uchun taklifga rozi bo‘ldim. Davron Kabulov va „Million“ jamoasini shunaqa fayzli konsert bilan tabriklayman, hamisha zo‘r bo‘lishsin”, — dedi Lola.

“Ko‘k jiguli” qo‘shig‘i bilan “Million” konsertida muxlislarni raqsga chorlayotgan Ozoda Nursaidova tabiatan yumorni yoqtirmasligi, shu sababli qiziqchilar va kulgu jamoalarining konsertlarida ishtirok etmasligini ta’kidladi.

“Menga jamoalar va qiziqchilardan ko‘p takliflar bo‘ladi, ammo hammasini rad etaman. Sababi yumorga u darajada qiziqmayman. Lekin Davron Kabulovning taklifiga yo‘q, deya olmadim. Chunki u og‘ir kunlarimda meni qo‘llab-quvvatlagan, buni hech qachon unutmayman. Davronning odamgarchilik jihatini juda qadrlayman. „Million“ jamoasini ancha yildan beri bilaman. Shov-shuvli va sifatli konsertlari bilan doim muxlislarini xursand qiladi, ularni yo‘qotmaslikka intiladi”, — Ozoda Nursadiova.

O‘tgan yili “Million"ning ko‘p yillik a’zosi Mirkomil Musayev, undan avval esa Alisher Botirov jamoani tark etgan edi. Ularning o‘rni qay darajada bilinayotgani haqidagi savolimizga jamoaning yangi tarkibdagi a’zolari quyidagicha munosabat bildirdi.

“Mirkomil akaning o‘rni menga judayam bilinyapti. Chunki u ijro etadigan rolimni qanday o‘ynasam, qiziqroq chiqishi yoki tushunmagan joylarimda o‘z yordam va maslahatlarini ayamas edi. Lekin jamoadagi hozirgi akamlarning ham barchasi iste’dodli va munosabatlarimiz yaxshi, ular ham yordam berishadi. Biroq, Mirkomil akani o‘rni bilindi”, — dedi jamoa vakili Shahlo Alijonova.

“Konsertga tayyorgarlik jarayonida Mirkomil akaning o‘rni sezildi. Ular mavzular ketma-ketligi, aktual masalalarni repertuarga qo‘shish kabi ishlarda juda faol va jonkuyar, tashabbuskor edi. Lekin oldingi yillarda ularning o‘zidan o‘rganganlarimiz ancha asqotdi”, — dedi jamoa a’zosi Mo‘min Ibrohimov.

Eslatib o‘tamiz, konsert 21-aperlga qadar “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida davom etadi.

Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov