Toshkentda VIII Xalqaro jaz festivali o‘tkaziladi
Toshkentda 2024-yilning 26-aprel — 12-may kunlari O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, shuningdek, qator Yevroosiyo mamlakatlari elchixonalari ko‘magida VIII Xalqaro jaz festivali o‘tkaziladi.
Festival YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi shafeligida butun dunyoda nishonlanadigan 30-aprel — Xalqaro jaz kuniga mo‘ljallab, tashkil etiladi.
Jaz — jahon madaniyati va musiqasida alohida o‘rin tutuvchi janr hisoblanadi. Hurlik uchun qat’iy bayonot sifatida vujudga kelgan yo‘nalish demokratiya, fuqarolik huquqlari va inson qadr-qimmatini shakllanishi bilan uzviy bog‘liqdir.
YUNESKO tinchlik, muloqot va o‘zaro hamjihatlikni rag‘batlantirish vositasi sifatida jaz kuchiga ishonadi. Shu bois 2011-yilning noyabr oyida YUNESKO Bosh konferensiyasi ushbu musiqaning dunyodagi barcha kishilarni birlashtirishdagi diplomatik roliga urg‘u berish maqsadida 30-aprelni Xalqaro jaz kuni deb e’lon qilgan.
2024-yilda O‘zbekistonda xalqaro jaz festivali sakkizinchi bor o‘tkaziladi. Festivalning barcha konsertlari “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi ortidagi ochiq osmon ostida o‘tkaziladi va kirish bepul boʻladi.
Festival dasturida Fransiya, Germaniya, Indoneziya, Isroil, Polsha, Ruminiya, Ukraina va Shveysariyadan tashrif buyuradigan jaz ijrochilari va guruhlari ishtirok etadi. Jamg‘arma taklifiga binoan festivalda Gregori Porter, Kenni Garret, Igor Butman va boshqa mashhur musiqachilar ijro etadi.
Festivalning muhim tarkibiy qismi O‘zbekiston nomidan chiqadigan musiqachilarning ishtirokidir. 27-aprel kuni festivalda “Jazzirama” guruhi, 30-aprel — Xalqaro jaz kunida esa mahalliy jazning turli avlod vakillari va harakatlarini ifoda etuvchi ijrochilar ishtirokidagi konsert marafoni bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, festival dasturidan madaniy muloqot va erkin ijodiy suhbatlar uchun maydonni yaratish maqsadida O‘zbekiston musiqachilari va xorijiy mamlakatlar vakillarini birlashtiruvchi mahorat darslari o‘rin olgan.