O‘zbekistonda “Ovoz” («Голос») loyihasi faoliyat boshlaydi

E’lon qilingan sana· 10 036
O‘zbekistonda “Ovoz” («Голос») loyihasi faoliyat boshlaydi

O‘zbekistonda dunyoga mashhur “The Voice” loyihasining rasmiy franshizasi — “Ovoz” ish boshlaydi. 16-mart kuni loyihaning rasmiy taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Afisha.uz muharriri qatnashdi va maxsus reportaj tayyorladi.

16-mart kuni “Zo‘rTv” telekanalida “Ovoz” teleshousining taqdimot marosimi hamda matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoga mashhur “The Voice”, “Голос” loyihalarining rasmiy o‘zbekcha franshizasi taqdim etilib, u haqda batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston ushbu teleloyihani namoyish etish huquqini qo‘lga kiritgan dunyodagi 76-mamlakatga aylandi. O‘zbekistonda uning Rossiyadagi franshizasi — “Голос” teleshousi ko‘pchilikka yaxshi tanish. Unda o‘zbekistonlik ijodkorlar ham, xususan, Sevara Nazarxon, Sardor Milano, Sabina Mustayeva, Firdavs Avezovlar ishtirok etishgan.

Taqdimot marosimida “Ovoz"ning ilk mavsumi murabbiylari ham tanishtirildi. Ular haqiqiy ma’noda “fantastik to‘rtlik”: afsonaviy “Yalla” guruhi rahbari Farrux Zokirov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon, qadrdon “Bolalar” guruhi solisti Tohir Sodiqov va O‘zbekiston xalq artisti hamda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. Ushbu to‘rtlik 4 oy davom etuvchi “Ovoz” loyihasida ishtirokchilarga ustozlik qilishadi.

“Nazarimda, bu loyiha yurtimizga juda yarashadi. Sababi xalqimiz ijodkor, haqiqiy ma’noda iste’dodli xalq. O‘ylaymanki, bu loyiha orqali o‘zbek musiqa san’ati yana bir bor olamga o‘zini ko‘rsata oladi va munosib ijrochilar jahonning katta sahnalariga yo‘l olishadi”, — deydi Ozodbek Nazarbekov.

Madaniyat vazirining loyihadagi ishtirokini e’lon qilish uchun alohida promorolik tayyorlandi. Ushbi rolikni Afisha.uz Instagram sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

“Bu teleloyiha Madaniyat vazirligi uchun seleksiya vazifasini ham oʻtaydi, vazirlik iste’dodlarni chetda qoldirmaydi, ularga prodyusserlik qilishni ham koʻrib chiqadi”, — deydi vazir.

“Ovoz” musiqiy loyihasi har bir mavsum g‘olibi KIA avtomobili bilan taqdirlanadi. Finalchilar bilan prodyuserlik shartnomalari tuziladi, ovoz yozish studiyalarida qo‘shiqlari bepul yozib beriladi, musiqiy albomlarini chiqarishlariga ko‘maklashiladi.

Loyihada yoshi, millati, tili, ijtimoiy mansubligi, musiqiy bilim bobida professional bilimga ega yoki havaskorligidan qat’i nazar barcha ishtirok etishi mumkin. Keyinchalik bolalar uchun alohida teleshou tashkil etiladi.

Savol-javoblar yakunlangandan so‘ng ustozlar rasman mavsumni ochib berishdi.

Rasmiy qism yakunlanganidan so‘ng jurnalist va blogerlar uchun “Zo‘rTv” telekanalidagi suratga olish ishlari pavilioniga ekskursiya uyushtirildi. Afisha.uz jurnalisti u yerdan birinchi kadrlar bilan bo‘lishadi.

Hozirda “Ovoz” loyihasining 3-kasting jarayoni ketmoqda. Uning final bosqichi tez orada “Zo‘rTv” telekanali orqali efirga uzatiladi. Shuningdek, loyihaning rasmiy treyleri ham e’lon qilindi.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov