“Aziz va muqaddassan, ayol” gala-konsertidan reportaj
3−5-mart kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida “Aziz va muqaddassan, ayol” gala-konserti bo‘lib o‘tdi. 25 yildan buyon 8-mart bayrami arafasida o‘tkazib kelinayotgan mazkur dasturda joriy yil ham ko‘plab taniqli san’atkorlar va yosh xonandalar qatnashdi. Afisha.uz muxbirlari konsertda mehmon bo‘lib, reportaj tayyorladi.
“Aziz va muqaddassan, ayol” konserti muallifi va rejissyori Sa’dulla Abdullayevning ta’kidlashicha, loyiha 1999-yilda tashkil etilgan.
“Faxr bilan ayta olamanki, bu konsert shuncha yildan beri to‘xtamasdan davom etib kelyapti. Menimcha, bu dastur aziz ayollarimizga bag‘ishlanganligi uchun ham to‘xtamagan bo‘lsa kerak. Hatto, pandemiya davrida ham o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldik. Ushbu loyihani yo‘lgan qo‘yganimizdan buyon ko‘plab iste’dodlarni kashf qildik, bu dastur orqali ilk bor katta sahnaga qadam qo‘ygan xonandalar ham ko‘p. Bugungi kunda ularning deyarli hammasi taniqli san’atkorga aylangan.
Masalan, bir paytlar Dilnoza Ismiyaminova, Samandar Hamroqulov, Malika Ravshanova kabi mashhur xonandalar shu dasturda sahnaga chiqqan, bugun esa el suygan san’atkorga aylanishdi. Bu yil ham yangi yosh iste’dodlarni sahnaga olib chiqdik. Ajabmas, ular ham vaqt o‘tib, xalq ko‘nglidan joy olgan san’atkor bo‘lsa. Qisqasi, loyihamiz bardavom bo‘lishini tilab qolaman", — dedi u.
Konsertga O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ham tashrif buyurib, bir qancha qo‘shiqlar ijro etdi. Ancha yildan beri katta sahnalarda deyarli qo‘shiq aytmayotgan san’atkorni zaldagi muxlislar olqishlar bilan qarshi oldi va uning qo‘shiqlariga raqsga tushdi.
“Mazkur dastur allaqachon ommalashib, odamlar qalbiga kirib borgan va o‘z muxlislariga ega. Bu konsert bo‘lishini yil davomida kutadigan oilalar ham bor. Ushbu loyiha men uchun haqiqatan qadrdon va har yili albatta, qatnashaman. Konsert tashkilotchisi Sa’dulla Abdullayev bilan ham uzoq yillik do‘stmiz. Dastur umrboqiy bo‘lishini, yildan-yilga fayzli bo‘lib borishini tilab qolaman. Shu o‘rinda barcha xotin-qizlarni bayram bilan qutlayman. Ayollarga ayollik nafosatini tilayman”, — dedi Ozodbek Nazarbekov.
“Aziz va muqaddassan, ayol” konsertini opa-singillarimiz har yili intiqib kutishadi. Dastur rejissyori konsertga puxta tayyorgarlik ko‘rgani uchun ham bu an’anaga aylangan va shuncha yildan beri davom etib kelyapti, nazarimda. Oila a’zolarim ham bu konsertga kelib, tomosha qilib ketishadi. O‘zim ham ancha yildan beri mehmon sifatida qatnashib, ijod namunalarimdan kuylayman. Onaxonlarimiz, hamma ayollarimiz baxtimizga salomat bo‘lishsin. Ular borki, oilamiz va yurtimiz tinch. Bayram barchaga muborak bo‘lsin", — dedi xonanda Anvar Sanayev.
Konsertda O‘zbekiston xalq artistlari G‘ulomjon Yoqubov, Farruh Zokirov, Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Yahyobek Mo‘minov, Abdurashid Yo‘ldoshev, Ilhom Farmonov, xonandalar Guli Asalxo‘jayeva, Asilbek Amanulloh, Anvar Sanayev, Ulug‘bek Otajonov va boshqalar ishtirok etdi.
Dasturga Shukrullo Isroilov, Muzaffar Mirzarahimov, Zokir Ochildiyev va O‘tkir Muhammadxo‘jayevlar boshlovchilik qildi. So‘z ustasi Avaz Oxun ham o‘z repertuari bilan zaldagi ayollarga tabassum ulashdi.
Tomosha konsert madhiyasiga aylangan “Aziz va muqaddassan, ayol” qo‘shig‘i bilan yakunlandi.
Toʻliq reportajni bizning YouTube kanalimizda tomosha qiling: